O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 may kuni «Aholini ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlash darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi (PQ-257).

Hujjatga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab aholi uchun muddati o‘tgan suv hisoblagichlarini tekshirib, yangilariga almashtirish «O‘zsuvta’minot» kompaniyasi va hududiy suv ta’minoti korxonalari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Texnik talablarga javob bermaydigan suv hisoblagichlarini olib kirish va o‘rnatish taqiqlanadi.

Hujjat bilan ichimlik suvi ta’minoti obyektlari «kaliti bilan» asosida (hisoblash qurilmalarini o‘rnatgan va aholini ichimlik suvi bilan ta’minlagan holda) foydalanishga topshirilgan taqdirda, fuqarolarning iltimosiga binoan shartnomalarni davlat xizmatlari markazlari orqali yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri «O‘zsuvta’minot» AJ bilan tuzishga va hisoblagichlarni plombalashga ruxsat etilishi belgilanmoqda.

2023 yil 1 yanvardan boshlab yuridik shaxslar va yuridik shaxs tashkil etmagan tadbirkorlar (yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xo‘jaliklari) hududiy suv ta’minoti korxonalariga ma’lumotlarni masofadan uzatish funksiyasiga ega zamonaviy suv hisoblagichlarini o‘rnatishlari shart.

Bunda ularga yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lashga hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan daromad solig‘i yoki aylanma solig‘i yoki jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i miqdorini suv hisoblagichining har bir birligini sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar miqdoriga kamaytirish huquqi beriladi, lekin bir qurilma uchun 4 BHM (1,2 mln. so‘m) dan oshmaydigan miqdorda.

Agar ular aqlli suv hisoblagichini o‘rnatmasa, 2024 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlardan ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun to‘lovlar hisoblagichsiz iste’molchilarga tegishli tarif bo‘yicha hisoblab chiqiladi.

Mazkur iste’molchilar bilan ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun debitorlik qarzlari bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblarni solishtirish dalolatnomasi imzolangan taqdirda, qarzdorlikni undirish ularning bank hisobvaraqlariga to‘lov talabnomasi berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Spot.uz`ning xabar berishicha, mart oyida Davlat soliq qo‘mitasi «Suvdan foydalanish monitoringi va hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini muhokamaga kiritgan edi. Smart Water hisoblagichlarini o‘rnatish bo‘yicha tajriba loyihasini ishga tushirish, ulardan foydalanuvchilarga suv solig‘i bo‘yicha imtiyozlar berish taklif etildi.

2021 yil fevral oyida «Gazeta.uz» Toshkent hokimligi tomonidan tashkil etilgan «Texnopark» kompaniyasi elektron suv hisoblagichlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Loyiha prezidentga taqdim etilgan sanoat va logistika sohasidagi investitsiya loyihalari ro‘yxatiga kiritilgan. Ushbu kompaniya aqlli gaz hisoblagichlarini ham ishlab chiqaradi.