Hukumatning 19 maydagi [271-son] qaroriga muvofiq, 2022/2023 o‘quv yilidan davlat maktablarida o‘quvchilar uchun maktab formasi to‘liq joriy etiladi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Qayd etilishicha, 2022 yil 1 iyungacha hududlar kesimida 2022/2023 o‘quv yilida maktab formalariga ehtiyoj aniqlanadi.

Kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun maktab formasi mahalliy budjet hamda «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan sotib olinishida ko‘maklashiladi. 10 avgustdan har bir tuman (shahar)da maktab formasi ishlab chiquvchilarning savdo shoxobchalari tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvaliga o‘quvchilar uchun yagona majburiy formani 2019−2020 o‘quv yilidan joriy etish rejalashtirilgandi. Uning namunalari 2018 yildayoq hukumat tomonidan tasdiqlangandi.

Yagona maktab formasini joriy etish to‘g‘risidagi taklifni 2017 yil avgustida prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgandi. Davlat rahbari o‘quvchilarning bir-biriga kiyimiga qarab baho berishi va buning natijasida mojarolar vujudga kelishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagandi.

Biroq, bu qaror jamoatchilik tomonidan juda sovuq qabul qilindi.

2019 yilning may oyida esa prezidentning qizi, o‘sha vaqtda O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva majburiy yagona maktab formasini joriy etishdan avval maktablardagi kamchiliklarni bartaraf etish lozimligini ta’kidlagandi.

O‘sha yilning iyunida Vazirlar Mahkamasi yagona formani joriy etish muddatini 2024−2025 o‘quv yiligacha qoldirgandi. O‘sha vaqtga kelib, ko‘plab maktablar shakl namunalarini tasdiqlashga muvaffaq bo‘lishdi va ota-onalar uni sotib olishdi. Natijada, maktablar bolalarga o‘zlarida mavjud bo‘lgan formani kiyishga imkon berdi.

2019 yilning 11 iyuniga kelib esa xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov yangi o‘quv yilida kutilganidek maktab formasi majburiy bo‘lmasligini ma’lum qildi. O‘shanda XTV umumta’lim maktablari orqali yagona maktab formasi savdosini tashkil etish taqiqlanganligini eslatib qo‘ygandi.

Yagona maktab formasining namunasi