O‘zLiDeP va «Milliy tiklanish» partiyasi fraksiyalarining seshanba kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma yig‘ilishida Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish masalasini parlamentning ikki palatasi kengashlari muhokamasiga kiritish qarori qabul qilindi. Mazkur rejalar haqida bir kun avval xabar berilgandi. Asosiy tashabbuskor O‘zLiDeP, «Milliy tiklanish» esa taklifni qo‘llab-quvvatladi.

«Xalqning orzu-istaklari mujassam»

Aktam Xaitov. Foto: O‘zLiDeP.

Brifingda O‘zLiDeP yetakchisi Aktam Xaitov Konstitutsiyani takomillashtirish masalasi o‘tgan yilgi saylovoldi jarayonlarida partiyamizdan prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod hamda ishonchli vakillarning aholi bilan uchrashuvlarida qariyb barcha hududlarda saylovchilar tomonidan ko‘tarilgan.

Ayni shu so‘zlarni prezident noyabrda inauguratsiyadagi nutqida davomida aytib o‘tgandi: «Barcha [prezidentlikka] nomzodlarning saylovoldi uchrashuvlarida elektorat vakillari tomonidan bugungi kunda hayotning o‘zi, islohotlarimiz mantig‘i talab etayotgan yana bir muhim taklif ilgari surildi. U ham bo‘lsa — mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishdan iborat». Qizig‘i shundaki, beshta nomzodning saylov dasturlarining birortasida konstitutsiyaviy islohot taklif qilinmagandi.

«Xususan, saylovoldi uchrashuvlarida inson huquqlarini mustahkamlash, tadbirkorlik kafolatlarini yanada kuchaytirish, fuqarolik jamiyatini, mahalla, oila institutini rivojlantirish, davlatning ijtimoiy muammolarni hal etishga mas’ulligini oshirish, yoshlar, keksalar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va ilm-fanni yangi bosqichga ko‘tarish, ekologiya, ona tabiatni asrash borasidagi huquqiy normalarni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan takliflar bildirilgan», — dedi Aktam Xaitov.

«Mazkur takliflar zamirida aslida xalqimizning orzu-istaklari mujassam. Shu boisdan bu takliflarni aslida xalqimiz tomonidan ilgari surilgan takliflar deb qarash to‘g‘ri bo‘ladi.Ko‘p millatli mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida Xalqimiz o‘z ertasini bugungi islohotlar zamirida ekanligini allaqachon chuqur anglab yetdi deyishga to‘la asoslarimiz bor», — dedi u.

Aktam Xaitov parlamentdagi 35 o‘rinni (100 tadan) egallagan «Milliy tiklanish» partiyasining pozitsiyasi O‘zLiDePning bu boradagi pozitsiyasi bilan to‘g‘ri kelishini va bu «o‘zgarishlar aholining aksariyat qismi orzu-intilishlariga mos ekanligini yaqqol ko‘rsatishini» ta’kidlab o‘tdi.

«Konstitutsiyaning qaysi moddasi nima uchun o‘zgarishi kerak?»

Alisher Qodirov. Foto: MTDP

«Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov «mamlakat taraqqiyotining hozirgi bosqichi yangi Konstitutsiyaga muhtoj», dedi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir bu masala tashabbuskorlik darajasida. Ikki partiyaning qo‘shma majlisi yakunlariga ko‘ra, Konstitutsiyani takomillashtirish masalasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashlari va Senatiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.

«Endi navbatdagi vazifa — Oliy Majlis palatalari kengashi tegishli komissiya mutaxassislarini to‘plab, bu jarayonni boshlashi kerak. Endi aniq taklif, aniq loyihani ko‘rib chiqish haqida gap bo‘lmaydi. U yerda butun jamoatchilik fikri inobatga olinadi. Masalan, siz, biz partiya sifatida o‘z takliflarimizni berishimiz mumkin», — dedi u.

Deputat, agar kengashlar taklifni rad etmasa, maxsus ishchi guruh tuzilishini aytdi. «Har bir fuqaro ushbu guruhga o‘z taklifini tayyorlash va kiritish huquqiga ega. Barcha takliflar yuqori malakali va tajribali huquqshunoslar jamoasi tomonidan individual tartibda ko‘rib chiqiladi va natijalar jamoatchilikka e’lon qilinadi. Fuqarolar bilan samarali muloqot qilish uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish zarurligini ta’kidladik», — dedi deputat.

Alisher Qodirovning qayd etishicha, komissiya O‘zbekiston bo‘ylab takliflarni to‘plab, ularni tahlil qilib, Konstitutsiyaning qaysi norma va moddalarini o‘zgartirish mumkinligini ochiq aytib beradi.

Deputat shundan so‘ng loyiha ishlab chiqilib, ochiq muhokamaga qo‘yilishi va uni qanday qabul qilish masalasi hal etilishini ta’kidladi.

U o‘zbekistonliklarga murojaat qildi: «Biz ochiq davlat fuqarolarimiz. Mamlakatimiz taqdirini biz hal qilamiz. Turli tuman buzg‘unchi talqinlarni bir chekkaga qo‘yib, qo‘lingizga Konstitutsiyani oling va hijjalab o‘qing: qaysi modda nima uchun o‘zgarishi kerak? Asoslang va taklif yuboring. O‘zbekistonimiz bitta. Uni rivojlanishi uchun birlashish va birgalikda harakat qilishimiz kerak», — dedi u.

Prezident qanday takliflarni bildirgandi?

2021 yilning 7 dekabrida prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida asosiy qomusga quyidagicha o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilgandi:

  1. ilgari amal qilib kelgan «davlat — jamiyat — inson» tamoyilini «inson — jamiyat — davlat» deb o‘zgartirish, uni milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotda mustahkamlash;
  2. iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta’minlash;
  3. «Jamiyat — islohotlar tashabbuskori» degan ezgu g‘oya doirasida Asosiy qonunda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash;
  4. Bosh qomusda oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha konstitutsiyaviy asoslarni belgilash;
  5. yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlash maqsadida yoshlar sohasidagi davlat siyosati, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlarini konstitutsiyaviy darajada aks ettirish;
  6. «Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat» tamoyilini konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlash;
  7. inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyada bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalarini aks ettirish;
  8. Konstitutsiyaga ekologiyaga oid maxsus boblar kiritish. «O‘zbekiston Konstitutsiyasida ham ushbu dolzarb masalaga doir huquqiy normalar ustuvor o‘rin egallashi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev;
  9. Uchinchi Renessansning to‘rt uzviy halqasi bo‘lmish bog‘cha, maktab, oliy ta’lim va ilm-fan sohalarini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yish.

Bundan tashqari, 2022 yil 18 mart kuni prezident tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvda tibbiy sug‘urta shakllarini rivojlantirish, ekologiya oqibatida fuqarolar sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplab berish majburiyatini davlat zimmasiga yuklash, tibbiyot xodimlarining yuksak maqomini ta’minlash uchun Konstutitsiyaga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilgandi.

Ayrim «Milliy tiklanish» deputatlari Konstitutsiyaga prezident tomonidan ilgari e’lon qilingan yo‘nalishlarni takrorlovchi o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar bilan chiqishdi.

Xususan, Muxtabar Xusanova mamlakatda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, bu borada huquqiy o‘zgarishlar kiritishni taklif qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi davr mamlakatning asosiy qonunida fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy mustahkamlab, «Jamiyat — islohotlar tashabbuskori» tamoyilini aks ettirishni taqozo etmoqda.

Deputat Ilhom Abdullayev: «Farzandlarimiz Yangi O‘zbekiston bunyodkori sifatida maydonga chiqayotgani uchun Konstitutsiyada yoshlarning huquq va manfaatlari o‘z ifodasini topishi kerak», — dedi.

Davron Aripov Konstitutsiyani isloh qilishda oila taraqqiyoti masalasini e’tiborga olish kerakligini ta’kidladi. Asosiy qonunda oila institutiga bag‘ishlangan alohida bob bo‘lib, unda oila, nikoh tamoyillari, ota-onalar va bolalar o‘rtasidagi munosabatlar, onalik va bolalikni davlat tomonidan muhofaza qilinishi belgilab berilgan. Biroq, u bu asoslar bugungi kunda yetarli ekanligiga ishonmaydi.

Farhod Zayniyev Konstitutsiyada mamlakatning ijtimoiy davlat maqomi belgilanmagani, balki ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan siyosat «ijtimoiy davlatning tub zamini yaratilganidan dalolat beradi», dedi. «Davlat budjetining 50 foizdan ortig‘i ijtimoiy sohaga yo‘naltirilayotgani buning dalilidir. Binobarin, Konstitutsiyamizda „Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat“ tamoyili o‘z ifodasini topishi kerak», — deb hisoblaydi deputat.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Konstitutsiyasi 1992 yil 8 dekabrda qabul qilinganidan buyon unga 16 marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.