Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 29 aprel kuni imzolagan qarorga ko‘ra, O‘zbekiston tarixi muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi va Davlat tabiat muzeyini rekonstruksiya qilish hamda raqamlashtirish ishlari loyihasini Turkiyaning Outdoor Factory kompaniyasi amalga oshiradi. Mazkur ishlarni bajarish uchun Outdoor Factory kompaniyasi bilan istisno tariqasida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri (tendersiz) shartnoma tuzishga ruxsat berildi.

30-sonli bayonnomaga ko‘ra, 18 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga loyihalar taqdimoti yakunlari bo‘yicha Outdoor Factory tomonidan ishlab chiqilgan uchta muzeyni rekonstruksiya qilish va raqamlashtirish konsepsiyasi loyihasi ma’qullandi. Istisno tariqasida, u bilan loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va pudrat ishlarini bajarish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga ruxsat beriladi.

Ushbu muzeylarni rekonstruksiya qilish va jihozlash besh oy muddatda Toshkent shahar hokimligi mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi.

Muzeylarda rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha buyurtmachi etib Toshkent shahar hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Jahongir Ortiqxo‘jayevga 1 oktabrga qadar xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda O‘zbekiston tarixi muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi va Davlat tabiat muzeyini zamonaviy talablar asosida yangilash ishlarini boshlash topshirilgan edi. Mamlakatdagi qolgan barcha muzeylar ham xuddi shunday yangilanishi kerak.

Outdoor Factory kompaniyasi «Istiqlol» majmuasi va «Yangi O‘zbekiston» istirohat bog‘i, shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» universiteti, Toshkentning Eski shahar hududida joylashgan turistik markaz (Zarqaynar ko‘chasi rekonstruksiya qilish)ni loyihalash va qurishda, «Texnopark» (sobiq TAPOiCh) hududida joylashgan akvapark loyihalarida, Magic City qurilishining ikkinchi bosqichi va boshqalarda ishtirok etgan. «Gazeta.uz» mazkur loyihalar tanlovi haqida ma’lumot topa olmadi.

Outdoor Factory — 2010 yilda Istanbulda tashkil etilgan Turkiyaning yirik qurilish va loyihalashtirish korxonasi. Kompaniyaning asosiy faoliyat turi — bog‘lar, muzeylar va madaniy obyektlarni loyihalashtirish va qurish. Outdoor Factory Turkiya, Qatar, Italiya, AQSh, Germaniya va O‘zbekistonda o‘z vakolatxonalariga ega. Korxona dunyo miqyosida 350 dan ortiq konseptual loyihalar, shuningdek, 25 muzey va 110 monument loyihalarni amalga oshirdi.

Kuni kecha me’mor Aleksandr Kuranov Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida so‘nggi yillarda O‘zbekiston me’morlari poytaxtdagi yirik loyihalarga deyarli jalb etilmagani haqida ma’lum qildi.