Yevropa Ittifoqi (YeI) va O‘zbekistonning davlat tashkilotlari vakillaridan iborat 30 kishilik delegatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasiga va Orolbo‘yi mintaqasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha YeI majburiyatlari doirasidagi BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasining mahalliy loyihasi hududlariga tashrif buyurdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga YeI delegatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda falokat zonalarini tiklashga yo‘naltirilgan qator tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ular orasida O‘zbekiston hukumatining Orolqum cho‘li va Qoraqalpog‘istonning yaqin joylashgan aholi punktlarini mintaqaning iqlimiy sharoitlariga moslashtirilgan daraxtlarni ekish yo‘li bilan ko‘kalamzorlashtirish yuzasidan «Orol dengizida mening bog‘im» loyihasi ham mavjud.

Mo‘ynoq va «Kemalar qabristoni»ga tashrifning birinchi kunida YeI elchilari daraxtlarning birinchi to‘plamini ekdilar hamda mintaqaning «yashil» kelajagida YeI va a’zo-davlatlarning ulushini eslatib turuvchi esdalik taxtachasini o‘rnatishdi.


«Orol dengizining yo‘qolishi — bu milliy va xalqaro chegaralardan o‘tadigan falokatdir. Yevropa yashil kursi va Markaziy Osiyo bo‘yicha YeIning yangi Strategiyasiga muvofiq, Yevroittifoq va uning a’zo-davlatlari O‘zbekistonni atrof-muhit degradatsiyasini oldini olish hamda zarar ko‘rgan aholining barqarorligini oshirish bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor», dedi YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian.

«YeI Orolbo‘yi mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasiga 5 million yevrodan ortiq mablag‘ ajratdi, bu orqali u tabiiy ofatning salbiy oqibatlarini yumshatish ishiga sodiqligining yuqori darajasini namoyon qildi. Bu bilan YeI O‘zbekistonga YeIning 27 a’zo-davlatidan sovg‘a va mamlakat Hukumatining sahroga aylanayotgan yerni tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlariga ko‘mak sifatida shu yilning oxirigacha 27 ming tup daraxt ekish majburiyatini zimmasiga oladi. Shunday qilib, biz bo‘lg‘usi „yashil“ investitsiyalar va eko-tizimning hamda Orol dengizi mintaqasida barqaror turmushning yaxshilanishi uchun imkoniyat yaratilishiga umid qilamiz», — deya qo‘shimcha qildi Yevroittifoqning mamlakatdagi vakili.

Qoraqalpog‘istonda mutasaddilar Vazirlar Kengashi, parlament va Qoraqalpog‘iston davlat universiteti vakillari bilan uchrashdi, mahalliy hamjamiyat hamda aholi qo‘llayb-quvvatlaydigan BMTning suv resurslari va barqaror biznesni boshqarish bo‘yicha Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasining loyihalariga tashrif buyurib, kelgusida investitsiyalarni safarbar etishni muhokama qildi.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, har yili Orolqum qum-chang bo‘roni Qoraqalpog‘istonga 44 mln dollardan ortiq iqtisodiy zarar keltirmoqda. 2018 yildan buyon Orol dengizining qurigan tubidan millionlab tonna chang va zaharli tuzlar tarqalishining oldini olish maqsadida 1,5 mln gektar maydonga cho‘l o‘simliklari ekildi. Joriy yilda yana 100 ming gektar maydonda o‘rmonzor barpo etish rejalashtirilgan, o‘simliklar uchun ko‘chatzor ham barpo etilmoqda.