O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilindi.Bu prezidentning 6 apreldagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Shavkat Mirziyoyev 2019 yil dekabrida mamlakatda 2021 yildan bekmekerlik idoralarini ochishga ruxsat beruvchi farmonni imzolagan edi. Ularning qonuniylashtirilishi sport, ayniqsa futbolni rivojlantirish, uning investitsion jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi kerak edi.

Litsenziyalarni keyinchalik tugatilgan Kapital bozorini rivojlantirish agentligi berishi lozim edi. Bugunga qadar huquqiy asoslar mavjud bo‘lmagani sababli amalitda litsenziya berilmadi.

Hozirda 2019 yildagi farmonning bukmekerliklar bilan bog‘liq barcha bandlari bekor qilingan.

2020 yil fevral oyida Professional futbol ligasi rahbari o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jayev bukmekerlik kontorliklarini qonuniylashtirish O‘zbekistondan kapital chiqib ketishini kamaytirishga yordam berishini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda mamlakat onlayn lotereyalar va bukmekerlik idoralarining «kulrang bozori» tufayli qariyb 50 mln dollar yo‘qotayotgan edi. Prezidentning yoshlar, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabar Abduvaxitov ham qonuniylashtirishni yoqlab chiqqandi.

Bosh vazir o‘rinbosari, turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ham bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirishning afzalliklari haqida bayonot berdi. «Ko‘pgina o‘yinchilar boshqa mamlakatlarga sayohat qilishadi yoki xorijiy platformalarda pul sarflashadi. Biz pul yo‘qotyapmiz. Shu bois mamlakatimizdagi bukmekerlik idoralarini qonuniylashtirishimiz va bundan tushgan foydaning ma’lum foizini mahalliy sportni rivojlantirishga yo‘naltirishimiz kerak», — degan edi u Qozog‘istonning «Xabar 24» telekanaliga bergan intervyusida.

2021 yil sentabr oyida Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bukmekerlik faoliyatini huquqiy tartibga solish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqishni taklif qildi. Deputat Doniyor G‘aniyevning fikricha, pul tikish bilan faqat mamlakat rezidentlari shug‘ullanishi, norezidentlarga esa mahalliy bank tizimlari orqali to‘lovlarni amalga oshirishni taqiqlash kerak. Shuningdek, u reklama va lotereyalarni rag‘batlantirishni taqiqlashni va jismoniy shaxslar uchun garovlarning maksimal miqdorini belgilashni taklif qildi.

Yaqinda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi O‘zbekistonda faoliyati noqonuniyligicha qolayotgan 10 dan ortiq bukmekerlik kontorliklarining veb-saytlariga kirishni chekladi.