2021 yil davomida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 177 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. Ushbu ko‘rsatkich 2020 yil yakunlariga ko‘ra 76 tani tashkil etgan, deya ma’lum qildi Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda ombudsman axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova ma’lum qildi.

Monitoring tashriflari davomida aniqlangan kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bir qator xodimlarga nisbatan tegishli tashkilotlar tomonidan intizomiy jazolar qo‘llanilgan.

Hisobot yilida Ombudsman nomiga yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari hamda advokatlari tomonidan 6 104 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 2 119 tasi bevosita yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning murojaatlaridir.

Surishtiruv va dastlabki tergov harakatlari yuzasidan kelib tushgan shikoyatlar bo‘yicha Ombudsmanning murojaatiga asosan Bosh prokuratura tomonidan olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi 32 ta qarorning barvaqt qabul qilinganligi aniqlanib, bekor qilingan va 16 ta holatda aybdor xodimlarning xatti-harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi ta’minlangan.

Prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga ko‘ra, 11 ta shikoyat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar Ombudsmanning nazorat xatiga asosan yuqori turuvchi prokuratura organlari tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan. Shuningdek, ushbu shikoyatlar yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi yakunlariga ko‘ra 4 ta holatda ichki ishlar organlarining 7 nafar xodimga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilgan.

Jazoni yoki ehtiyot chorasini yengillashtirish yuzasidan mahkumlar (mahbuslar) tomonidan kelib tushgan murojaatlar yuzasidan Ombudsmanning xatiga asosan 13 ta murojaat bo‘yicha tegishli sudlar tomonidan 59 nafar mahkumga nisbatan tayinlangan jazolar yengilrog‘iga almashtirilgan va 2 nafar mahbusning ehtiyot choralari yengilrog‘iga o‘zgartirilgan.

Mahkumlar tomonidan oilasiga ko‘mak ko‘rsatish masalasida kelib tushgan murojaatlar yuzasidan tegishli hokimliklar tomonidan 11 nafar mahkumning oila a’zolariga turli xildagi iqtisodiy va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilgan. Shuningdek, Jazoni ijro etish departamenti tomonidan 13 nafar mahkum Ombudsmanning murojaatiga asosan yashash joyiga yaqin bo‘lgan hududlardagi jazoni ijro etish muassasalariga ko‘chirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tash davrida bajarilgan har qanday ish, agar ushbu ish uchun ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa, ish stajiga qo‘shib hisoblanishi mumkinligi haqidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani haqida xabar qilgan edik.