O‘zbekiston transport infratuzilmasi orqali giyohvand moddalarni olib o‘tishga urinishlar soni ortib bormoqda. Buni Giyohvand moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi direktori Olim Narzullayev 20 aprel kuni Toshkentda o‘tgan SHHTga a’zo davlatlarning narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organlari rahbarlarining yig‘ilishida ma’lum qildi, deb xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.

«Afg‘onistondan Shimoliy yo‘nalish orqali giyohvand moddalar savdosining hajmi oshmoqda. Ayniqsa, mintaqa mamlakatlari bilan faol integratsiya jarayonlari fonida ularning hududlari orqali asosiy giyohvand moddalarning oqimi ortmoqda. Xususan, O‘zbekiston transport infratuzilmasi orqali giyohvand moddalarni olib o‘tishga urinishlar ko‘paygan», — dedi Olim Narzullayev.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida O‘zbekiston bojxona va chegarachilari «Oybek» chegara postida Tojikistondan Rossiyaga tranzit yo‘lda paxta olib ketayotgan yuk mashinasini qo‘lga olgan edi. Uning ichidan 230 kg geroin topildi. Mart oyida Surxondaryo viloyatidagi «Ayritom» chegara bojxona postida umumiy og‘irligi 154 kgdan ortiq kartoshka shaklidagi gashish giyohvandlik moddasini o‘ramlarda olib o‘tishga urinishning oldi olindi.

2021 yilda 2020 yilga nisbatan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyatlar 18,4 foizga ko‘p — bunda 7142 ta holat aniqlangan. Musodara qilingan narkotik moddalar hajmi 1,86 tonnani tashkil etib, bu 2020 yilga nisbatan 20,9 foizga ko‘p.

Aprel oyi boshida «Tolibon» butun Afg‘onistonda fermerlarga ko‘knori yetishtirishni taqiqlagan edi. Agar uni yetishtirganlar aniqlansa, qoidabuzarlar shariat qonunlariga muvofiq jazolanishi mumkin. O‘zbekiston mazkur taqiqni olqishladi va bu harakatni qo‘llab-quvvatladi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT MATT) Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev yig‘ilishda «Tolibon»ning bu qaroriga izoh berdi.

«Bizning fikrimizcha, shuni ta’kidlash kerakki, bugungi kunda ham Tolibonning Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirishga taqiq joriy etilgani haqidagi bayonotlari allaqachon ehtiyotkor optimizmni keltirib chiqarmoqda», — dedi u.

SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori Afg‘onistonning narkotik jinoyati kabi keng ko‘lamli tahdid bilan mustaqil kurasha olmaydigan yangi hokimiyatga har tomonlama yordam ko‘rsatishni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Ruslan Mirzayev, shuningdek, SHHTga a’zo davlatlar hozirda narkotiklar tajovuz obyekti va ayni paytda xalqaro terrorchilik guruhlari nishoniga aylanganini keltirib o‘tdi.

«Ikkala tahdid ham bitta tramplindan, umumiy manbadan kelib chiqadi — ko‘p yillar davomida geroin yetishtirish, ishlab chiqarish va sotish Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan terroristik guruhlar daromadining asosiy qismini ta’minlab kelgan», deb tushuntirdi ijroiya qo‘mita direktori.