Janubiy Afrika Respublikasining Kvazulu-Natal provinsiyasida so‘nggi o‘n yillikdagi eng kuchli suv toshqini 443 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, deb xabar bermoqda AfricaNews.

Oxirgi 10 kun ichida JARning sharqiy qirg‘og‘idagi provinsiyani yomg‘ir suv bosdi, rekord miqdordagi yog‘ingarchilik tufayli suv toshqini boshlandi. Undan Durban port shahrining chekka hududlari eng ko‘p jabr ko‘rdi, u yerda 40 mingga yaqin odam boshpanasiz qoldi, 443 kishi halok bo‘ldi. Provinsiyada qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Toshqin suvlari 600 mingga yaqin aholiga ega Durban va uning chekka hududlariga katta zarar yetkazdi. Zarar miqdori 700 mln dollarga baholanmoqda. Yo‘l-transport infratuzilmasi, shahar elektr tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari, turar-joy binolari shikastlangan.