14 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat avvalida O‘zbekiston yetakchisi Vengriya hukumati rahbarini «FIDES» — Xristian-demokratik xalq partiyasi koalitsiyasi ushbu mamlakat parlamentiga saylovda g‘alaba qozongani bilan tabrikladi.

Tomonlar, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan bir-birini tabrikladi.

Muloqot davomida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari, Vengriya bosh vazirining o‘tgan yili mart oyidagi O‘zbekistonga tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi batafsil muhokama qilindi.

Farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, bank-moliya sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi, deyiladi xabarda.