AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum AQSh O‘zbekistonning Ukraina mojarosidagi pozitsiyasini tushunishi va hurmat qilishini ma’lum qildi. Bu haqda u «Amerika Ovozi» jurnalisti Navbahor Imamovaga Toshkentda bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Jurnalist elchidan O‘zbekistonning strategik sherigi sifatida Ukraina mojarosida uning pozitsiyasini qanday tushunish yoki tushunmasligi, Toshkent qanday yo‘l tutayotganini so‘radi.

«Tushunaman va bu pozitsiyani hurmat qilaman. Chunki O‘zbekiston naqadar murakkab vaziyatda ekanini anglaymiz… Geografik va tarixiy omillar bor. Manfaatlar bois O‘zbekiston muvozanatli yo‘l tutishga majbur. Savdo aloqalari va sarmoya, shuningdek, Rossiyada mehnat migrantlari ham bor. Ular yuboradigan mablag‘ mamlakat iqtisodi uchun salmoqli sarmoya. O‘zbekiston uchun hayot-mamot masalalari bu. Biz buni tushunamiz», — dedi Deniyel Rozenblyum.

Shuningdek, u Ukrainadagi murakkab vaziyat haqida gapirar ekan, AQSh tomoni hamisha suverenitet va mustaqillik, hududiy yaxlitlikni e’zozolashi va ularni himoya qilishini aytib o‘tdi.

«Bular dunyo barqarorligi uchun o‘ta muhim xalqaro prinsiplar. Ular chetga uloqtirilsa, buzilsa, qudratliman degan boshqasini vayron qiladi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishida shuni ko‘ryapmiz. Fikrimcha, bu prinsiplar O‘zbekiston uchun ham chuqur ahamiyat kasb etadi. Bunga uning 30 yilda bosib o‘tgan Mustaqillik yo‘lidan guvohmiz», — dedi diplomat.

Shuningdek, u O‘zbekiston va AQSh bir-birining pozitsiyalarini tushunishi uchun ochiq gaplashib turishi kerakligini ta’kidladi.

«Tashqi ishlar vaziri [Abdulaziz] Kamilovning yaqinda qilgan bayonotini tingladik. Nazarimda u tushitirgan siyosat asosli, mantiqli va aniq. Shunday ekan, savolingizga javobim: Albatta, bu siyosatni tushunamiz», — dedi elchi.

AQShning O‘zbekistondagi vakili O‘zbekiston bilan dunyodagi, shu jumladan, mintaqadagi hozirgi muammolarga qarshi birgalikda kurashishga bel bog‘laganligini aytib o‘tdi.

Navbahor Imamova savolini aniqroq tushuntirishga va yana qayta javob olishga urindi: «Demak Toshkent pozitsiyasidan biror jihatdan norozi emassiz. Strategik sheriklarsiz, mana shunday qaltis vaqtda bunday sheriklardan sizning tarafingizda bo‘lishini kutmaysizmi?»

«Yo‘q norozi emasmiz. O‘zbekiston o‘ta nozik pozitsiyada ekanligini bilamiz va tushunamiz. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri tushuntirganidek — neytral. Respublika Rossiya bilan ham, Ukraina bilan ham chuqur tarixiy va muhim rishtalarga ega. O‘zbekiston birontasining yonini olmayapti. Shunday ekan, biz kutadigan narsa real neytrallik», — dedi Deniyel Rozenblyum.

«Biz tushunasiz, siz (O‘zbekiston nazarda tutilmoqda — tahr.) bosqinchilikni qoralamaysiz, Yevropa davlatlari kabi Ukrainaga harbiy yordam bermaysiz yoki shunga yaqin ishlarni qilmaysiz. Biror tarafda emassiz. Biror tarafni olqishlamaysiz, biror tarafga ko‘maklashmaysiz, yomonlikni ravo ko‘rmaysiz. Amerika buni vijdonan tanlangan haqiqiy neytrallik deb tushinadi va shuni kutadi. Bu bizning O‘zbekiston bilan strategik sherikligimizni o‘zgartirmaydi. Bizni o‘zaro manfaatlarimiz birlashtiradi, hamkorligimizni mustahkamlashda davom etamiz», — dedi diplomat.

Bundan tashqari jurnalist undan mazkur harakatlarga odamlarning munosabati va kayfiyati haqidagi fikrini so‘radi. Rozenblyum bu bo‘yicha biror so‘rovnomalar o‘tkazilmagani, biroq, odamlar bilan muloqotda bo‘lgani, ko‘chada eshitganlari va ijtimoiy tarmoqlar, OAVlarni kuzatganini aytdi.

«Yuqoridagilarga asoslanib xulosam shuki, jamoatchilik Ukrainadagi urush borasida bo‘lingan. Qanchalik bo‘lingan buni ayta olmayman. 50/50 yoki 80/20. Aniq aytish qiyin, lekin, odamlarda turlicha qarash borligi ayon», — deya qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Senatdagi chiqishida O‘zbekiston Ukrainadagi vaziyatga tinch yo‘l bilan yechim topish va mojaroni siyosiy diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdori ekanini ta’kidlab, «O‘zbekiston Respublikasi Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan oladi. Biz Lugansk va Donetsk xalq respublikalarini tan olmadik», — degan edi.

Aprel oyida O‘zbekiston Rossiyaning BMT Inson huquqlari kengashidagi a’zoligini to‘xtatib turish bo‘yicha rezolyutsiyaga qarshi ovoz berdi. Mamlakatning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov bunday qarorlar «gumonlanayotgan inson huquqlari buzilishining puxta tergovi natijasiga» asoslangan bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

SHUndan so‘ng, BMT Bosh Assambleyasi favqulodda maxsus sessiyasida Rossiyaning BMT Inson huquqlari kengashidagi a’zoligini to‘xtatdi. O‘shanda ovoz berishdan oldin so‘zga chiqqan Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Sergey Kislitsa «inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzadigan davlatning UNHRC a’zoligini to‘xtatib turish tanlov emas, balki majburiyat» ekanini aytgandi.