Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlou yaqinda Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida so‘z erkinligi, Rossiya ommaviy axborot vositalari (OAV) faoliyatiga nisbatan cheklovlar, Ukrainadagi urush va Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalardan ko‘zlangan maqsad xususida so‘z yuritgan edi.

Britaniya diplomatik missiyasi rahbari o‘z intervyusida, xususan, G‘arb jamiyati Rossiya OAV faoliyatiga to‘sqinlik qilish asnosida so‘z erkinligini cheklayotganligi to‘g‘risidagi mulohazalarga qo‘shilmasligini bildirgan.

«Birinchidan, biz so‘z erkinligini cheklayotganimiz [to‘g‘risidagi fikr] ga qo‘shilmayman, zo‘ravonlikka chaqiriqlar, irqiy adovatni qo‘zg‘ash, terrorizmning oldini olishga qaratilgan qonunchilik cheklovlari bundan mustasno. Biz shunday qilyapmiz, degan fikrga qo‘shilmayman. Hozirgi Rossiya — alohida vaziyat. Biz suveren hududga nisbatan hech narsa bilan asoslab bo‘lmaydigan, shafqatsiz, dahshatli bosqinga javoban harakat qilmoqdamiz. Va bu bosqinning asosi — shunchaki mutlaqo yolg‘on», — deya ta’kidlagan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya «o‘z OAVlaridan urush quroli sifatida foydalandi, bu har qanday adolatli jamiyat uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan» xatti-harakat hisoblanadi. «Shuning uchun, Rossiya OAV lari bilan bog‘liq vaziyatda qiladiganimiz — ular qilishi mumkin bo‘lgan narsalarga oqilona cheklovlar qo‘yishdir. Biz Rossiya OAVni yopmaymiz. Lekin ular bu urushning quroliga aylanib qolmasliklari uchun qat’iy choralar ko‘ramiz», — deydi Tim Torlou.


Kirill Altman va Tim Torlou. Kadr Alter Ego videosidan olingan.

Boshlovchi Kirill Altmanning Rossiyani axborot maydonidan uzib qo‘yish ma’lumotlarning biryoqlama uzatilishiga olib kelishi mumkinligi to‘g‘risidagi mulohazasiga javoban Tim Torlou, Rossiya rasmiy talqinga hattoki birozgina zid keluvchi xabarlarni chop etgan taqdirda, o‘z xalqi va OAVga nisbatan ommaviy cheklovlar joriy qilayotganligini ta’kidladi.

«Bu odatiy bo‘lmagan holat. Rossiyaning OAVdan foydalanish usuli shafqatsiz, aqlbovar qilmas va vijdonsizlikdir. Ular mutlaqo oqlab bo‘lmaydigan va asossiz ziddiyatni to‘qib chiqarmoqdalar va buni qasddan, juda jirkanch usul bilan amalga oshirmoqdalar», — deya qayd etgan u.

Alter Ego boshlovchisi AQSh va NATO «Afg‘oniston, Suriya, Iroq va boshqa davlatlarni bombardimon qilgani», biroq «OAVda bunga o‘xshash narsa bo‘lmagani»ni eslatib o‘tadi. Bunga javoban elchi 2018 yil oxiridan 2019 yil boshiga qadar Ukrainada rus tilini o‘rganish bo‘yicha shaxsiy tajribasi haqida hikoya qiladi, chunki o‘sha vaqtlarda turli sabablarga ko‘ra Rossiyaning o‘zida o‘qish diplomatlar uchun qiyin bo‘lgan.

«Men o‘sha yerda yashab ko‘rganman. Ukrainada rusiyzabon oilada yashadim, yetarlicha ko‘p sayohat qildim, adashib qolmaslik uchun rus tilida gaplashdim. Va bu bosqinni oqlash maqsadida o‘ylab topilgan xayoliy manzara men ko‘rgan, til o‘rganishga harakat qilgan mamlakatimga mutlaqo mos kelmaydi», — deydi u.

«Bu mamlakatning tili va rusiyzabon jamoatchiligi urushning asosiy sababiga aylandi, garchi ularning bunga hech qanday aloqasi bo‘lmasa-da. Bularning hammasi prezident Putinning Sovet Ittifoqini qayta tashkil etish, uning qismlarini qaytarib olish ambitsiyalari bilan bog‘liq», — deydi diplomat.

Tim Torlouning fikricha, bu «butun sobiq Sovet [hududi] bo‘ylab rusiyzabon jamoatchilik orasida xavotir uyg‘otishi lozim». «Chunki siz bu dahshatni oqlash… va shunchaki nima sodir bo‘layotganini ko‘rish, bombardimonlarni ko‘rish, shaharlarga hujumlarni ko‘rish, ketishga majbur bo‘layotgan odamlarning qiyofasini ko‘rish… maqsadida tildan va bir vaqtlar Rossiya imperiyasi mavjud bo‘lganligi to‘g‘risidagi haqiqatdan foydalanayotgan mamlakat prezidentining g‘oyasini ko‘rib turibsiz… Bu urush tufayli allaqachon qariyb 3 million odam Ukrainani tark etishga majbur bo‘ldi (11 aprel holatiga ko‘ra — 4,5 million — tahr.)», — deydi Britaniya diplomatik missiyasi rahbari.

Elchi Ukrainada ishlagan o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashib, real voqelikda aslida nimalar sodir bo‘layotganini aniqlashni taklif qildi.

«Rossiya OAVlari tarqatayotgan yolg‘onlarga quloq solmang. OAV bularning barchasida haqiqiy, muhim rol o‘ynaydi. Bu rol — haqiqatni aytishdir. Men bu odamlar targ‘ibotchi emasligini, hukumatning aytganini qiladigan kishilar emasligini bilish uchun OAVning asosiy roli to‘g‘risida (faqat Britaniya OAV haqida gapirishim mumkin) — ular meni, xuddi aynan hozir siz shunday qilayotganingizdek, o‘z xatti-harakatlarim uchun qanday javobgarlikka tortishi to‘g‘risida — yetarlicha bilimga egaman. Bu OAV [aslida] qanday ishlashining mutlaqo boshqacha ko‘rinishidir», — deya ta’kidlaydi u.

Tim Torlou, shu o‘rinda, Russia Today, «Pervыy Kanal»ni tark etayotgan jurnalistlarni misol keltiradi. «Hozir aynan ular Rossiya OAVlari haqida haqiqatni aytadilar. Biz hozir yuz berayotgan voqealar haqidagi asl haqiqatni ochib berishda erkin matbuotga tayanamiz, katta jurnalistikaga tayanamiz. Va men hammani imkon qadar turli xil nuqtai nazarlarni hisobga olishga chaqiraman. Onlayn shaklda buni qilish juda oson. Rossiyada qilinayotganidek emas. Biroq hatto u yerda ham buni VPN orqali qilish mumkin», — deya qayd etadi u.

Elchining ma’lum qilishicha, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar Rossiyaga qarshi sanksiyalarni «halokatli, dahshatli bosqin»ga javoban kiritmoqda. Shu bilan birga, u mazkur choralar oddiy odamlarga ham zarar keltirishini tan oldi.

«Rossiyaliklar bilan bizning hech qanday muammoimiz yo‘q. Samimiy aytyapman — rossiyaliklarga qarshi hech narsa yo‘q. Bizning muammomiz — prezident Putin va uning rejimi bilan bog‘liq. Sanksiyalar orqali biz prezident Putin va uning yon-atrofidagilarga jiddiy zarba berishga harakat qilyapmiz. [Hozirgacha] 1000 dan ortiq Putinning siyosiy hamkorlari va uning hukumatini qo‘llab-quvvatlovchi oligarxlar, yirik biznesmenlarga qarshi sanksiyalar kiritdik», — qayd etdi u.


Uning so‘zlariga ko‘ra, davlatlar «energiya resurslari, davlat korxonalari resurslaridan harbiy harakatlarni qo‘llab-quvvatlashda foydalanishni to‘xtatish uchun, Rossiyadagi fikr yetakchilari prezident Putin qarorlarining iqtisodiy oqibatlaridan xabardor bo‘lishlari uchun Rossiya iqtisodiyotiga og‘ir zarba berish maqsadida» choralar ko‘rmoqda.

«Albatta, bu [aniq] maqsad bilan qilingan. Biz Rossiyaning prezident Putin suveren, demokratik, mustaqil davlatga nisbatan nima qilishga qaror qilgani to‘g‘risida yana bir bor o‘ylab ko‘rishini istaymiz. Oligarxlarga nisbatan [sanksiyalar] qattiq zarba bo‘ldi. Iqtisodiyotning zaiflashuvi rossiyaliklarga ta’sir qiladi. Va oqibatlar faqat Rossiyaning o‘zidagina sezilmasligini tan olamiz. Biroq sanksiyalar yetakchilarga qanday ta’sir ko‘rsatayotganini allaqachon ko‘rib turibmiz», — deya ta’kidladi u.

Britaniya diplomatining fikricha, «sanksiyalar allaqachon ishlamoqda» va «oqibatlar Rossiya iqtisodiyoti uchun og‘ir bo‘ladi». «Kelajakda ko‘ramiz. Prezident Putin bunga javoban qanday harakat qilishini oldindan ayta olmayman. Hech bir shak-shubhasiz, uning xatti-harakatlarining mamlakat iqtisodiyoti uchun haqiqiy oqibatlari bo‘ladi», — qayd etdi u.

Elchi, shuningdek, agar Vladimir Putinning harakatlari natijasida uning hokimiyati Rossiyada og‘ir repressiyalarsiz mustahkamlansa, bundan hayratlanishini bildirdi.

«Bu og‘ir repressiyalar allaqachon boshlangan, deb qo‘rqaman. Mustaqil OAVga to‘liq bosim o‘tkazish, odamlarning VPN orqali, internet orqali tashqi dunyoga chiqish imkoniyati cheklanishi, urushga qarshi protestlarga chiqqan minglab odamlarning hibsga olinishi. Jonli efirda norozilik bilan chiqqan „Pervыy kanal“ jurnalistiga nima bo‘ldi? Buni rivojlangan, erkin jamiyat deb atab bo‘lmaydi. Bu repressiv rejim bo‘lib, yanada ko‘proq repressiya kiritadi», — deydi u.

Tim Torlou Ukrainadagi urush uzoqqa cho‘zilmasligiga umid bildirdi. «Chunki suveren davlat, suveren chegaralarga, o‘z millati, tili, tarixi, madaniyati bilan g‘ururlanadigan mustaqil davlatga hujum qilinib, birdaniga bostirib kirilmoqda, uning xalqi o‘ldirilmoqda yoki mamlakatdan qochib chiqishga majbur bo‘lmoqda, institutsional tashkilotlar va infratuzilma vayron qilinmoqda… Bu zamonaviy dunyoda qabul qilinishi mumkin emas», — deya ta’kidladi diplomat.

Rossiya elchixonasi va Rossiya OAVning munosabati

Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Buyuk Britaniya elchisining intervyusi yuzasidan munosabat bildirdi.

«Buyuk Britaniya elchisi Tim Torlou Alter Ego loyihasi boshlovchisi Kirill Altman uchun xutspa bo‘yicha master-klass o‘tdi», — deyiladi xabarda.

Elchixona «o‘zining nuqtai nazariga ko‘ra, nima „eng maqbul so‘z erkinligi“ hisoblanishi xususida hikoya qilgan britaniyalik diplomat bilan intervyudan g‘oyatda xarakterli parchalarni» sanab o‘tgan.

«Boshlovchi: An’anaga ko‘ra so‘z erkinligining asosiy himoyachisi bo‘lib kelgan G‘arb davlatlari bugun Rossiya OAVga cheklov o‘rnatgani va vaziyatni yetarlicha bir yoqlama yoritib borayotganligida qarama-qarshilik mavjud emasmikin?

Torlou: Rossiya — bu alohida vaziyat. Biz Rossiya OAVni cheklamayapmiz, shunchaki ular bu urushning quroliga aylanib qolmasligi uchun qat’iy choralar ko‘ryapmiz.

Boshlovchi: G‘arb Yugoslaviya, Afg‘oniston va Iroqni bombardimon qilganda, mohiyatan «erkin» bo‘lgan OAV bu haqda nima sababdan sukut saqlagan?

Tim Torlou: Aslida hamma gap Vladimir Putinning Sovet Ittifoqini qayta tashkil etish bilan bog‘liq ambitsiyalarida…"

Ta’kidlash joizki, Rossiya elchixonasi intervyudan parchalarni so‘zma-so‘z keltirmagan.

Sputnik Uzbekistan Rossiya axborot agentligi Tim Torlouning intervyusiga uchta maqola bilan munosabat bildirdi.

6 aprel kuni rossiyaparast siyosatshunos Armen Gasparyan «Sputnik» muxbiriga bergan intervyusida, butun dunyo axborot kun tartibi ۫"yaxshi [deb hisoblanayotgan] Ukrainadagi voqealar va mutlaqo yomon [deb hisoblanayotgan] Rossiyaga bog‘lanib turgan" bir paytda, Buyuk Britaniya elchisining O‘zbekiston haqida fikr yuritishida ma’no yo‘q ekanligini qayd etgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, britaniyalik diplomat «o‘z intervyusini O‘zbekiston media maydonida sotishga» urinmoqda. «Torlou o‘z hukumatidan ibrat oladi: [bosh vazir] Boris Jonsondan, [tashqi ishlar vaziri] Liz Trassdan… ular esa Rossiya haqida nima gapirilayotgan bo‘lsa, faqat shuni qilyaptilar. Ular nima sababdan yig‘ilayotganlari muhim emas, jurnalistlar qanday savol berayotgani muhim emas — ularni faqat Rossiya [masalasi] bezovta qilmoqda», — deya ta’kidlagan u.

Yevroosiyo tahliliy klubi direktori Nikita Mendkovich Sputnik Uzbekistan muxbiriga bergan intervyusida qayd etishicha, Britaniya elchisining intervyusi — bu «surbetlik» hamda «AQSh va Buyuk Britaniyaning odatiy amaliyoti bo‘lib, bunda elchilar o‘zlarini qandaydir mustamlakachilik ma’muriyatidek his qilishadi».

«Bu, ayniqsa, inglizlar 19−20 yillarda Kavkaz bilan bir vaqtda bosib olishga va o‘z mustamlakalariga aylantirishga uringan Markaziy Osiyo mamlakatlariga tegishli. O‘shanda ularning omadi chopmadi, ammo Britaniya imperiyasi bu muvaffaqiyatsizlik sabab xayoliy og‘riqni boshdan kechirishda davom etmoqda. Shu bois bu mintaqadagi davlatlar va xalqlarga nisbatan ular o‘zlarini qanday tutishlari, o‘zaro munosabatlar, iqtisodiy aloqalarni qanday yo‘lga qo‘yishlari va qanday ichki siyosat olib borishi lozimligiga ishora qiluvchi buyruq ohangi tez-tez qulog‘imizga chalinadi», — deya ta’kidlagan u.

Uning fikricha, bu intervyu — «Amerika-Britaniyaning antirossiya propagandasi uchun imtiyozli shart-sharoitlar» yaratishga urinish. U, shuningdek, elchilar «O‘zbekistonni qo‘rqitishga, uni Rossiya bilan qarama-qarshilikka tortishga» urinayotganliklarini qayd etgan.

Ekspertning fikricha, Yevropa «so‘z erkinligidan zamonaviy G‘arb elitasi foydalanadigan qulay shior sifatida foydalanmoqda».

O‘zbekistonlik siyosatshunos Baxtiyor Ergashev «Sputnik» muxbiriga bergan intervyusida «Britaniya elchisining Rossiya haqida qanday fikrda ekanligi O‘zbekistonda hech kimni qiziqtirmaydi» deya ta’kidlagan.

«U O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashish va odamlarga nima qilish kerakligi to‘g‘risida ko‘rsatma berish mumkin deb hisoblagan. Tim Torlou bilan kechgan munozarali intervyudan aynan shunday xulosa kelib chiqmoqda», — deya qayd etgan u.

«Men diplomat emasman, biroq elchining mezbon davlatida omma oldida gapirishi mumkin bo‘lgan chegaralar mavjudligiga ishonaman», — deydi siyosatshunos.

«Rossiya 24» telekanalining «Robert Fransev bilan Osiyo markazida» teledasturida ham Buyuk Britaniya elchisining intervyusi to‘g‘risidagi syujet namoyish etildi. Jurnalist mazkur suhbatni «yo‘q joydan shovqin ko‘tarish» deya ta’rifladi.

«[Elchi] takabburlik va ikkiyuzlamachilikning eng hayratlanarli uyg‘unligini namoyish qildi. Avvaliga O‘zbekistonning so‘z erkinligi borasida erishgan yutuqlarini olqishlab, bu yutuqlarning muhim ekanligini ta’kidladi, biroq shu bilan bir vaqtda Rossiya OAV uchun so‘z erkinligini inkor qildi», — deya ta’kidladi u.

Robert Fransev intervyudan parcha namoyish etilgach, elchi «murabbiy ohangi»da gapirganligini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, mart oyi boshida «Rossiya 24» telekanali o‘zbek OAV, jumladan, «Gazeta.uz»ni Ukrainadagi urushni yoritgani uchun tanqid qilgan edi.

«Gazeta.uz» urushning dastlabki kunlarida Ukrainada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik fuqarolar va migrantlarning hikoyalarini chop etgan edi. Ular bosqin haqida qanday xabar topishgani, o‘zlarini himoya qilish uchun qanday choralar ko‘rayotganliklari, Kiyev va Lvovda sodir bo‘layotgan voqealar haqida hikoya qilishgan.

Tim Torlou o‘z intervyusida turli mavzular, jumladan, O‘zbekistonda so‘z erkinligi, ekologik muammolar, yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi holat va boshqalarga to‘xtalib o‘tgan.