11 aprel kuni Toshkentda Yunusobod tumani Markaz-5 dahasi aholisi va qurilish kompaniyasi vakillari o‘rtasida janjal yuzaga keldi. Quruvchi bolalar maydonchasi va yashil hudud bo‘lgan yerni ko‘p qavatli uy-joy qurish maqsadida o‘rab olishga harakat qildi. Ushbu qurilishga aholi bir necha yildan beri qarshilik qilib kelmoqda.

Ayrim aholi, asosan keksa yoshli ayollar jarohatlangan yoki kuch ishlatilishga duchor bo‘lgan hodisa faqat poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning aralashuvi bilan nazoratga olindi.

Domlar orasidagi yashil hudud (markazda). Manba: Google Earth.

Bu 71, 70 va 65-uylar orasidagi hudud uchun sodir bo‘layotgan ilk mojaro emas. Aholining so‘zlariga ko‘ra, bu bir necha yildan beri davom etmoqda. 22 fevralda ham aholi yashil hududni himoya qilishga muvaffaq bo‘lgandi. O‘shanda Yunusobod tuman hokimining kommunal masalalar bo‘yicha o‘rinbosari bolalar maydonchasi xokimiyat balansida bo‘lib, «unga tegishga hech kimning haqqi yo‘q», deb aholini tinchlantirgandi.

Aholisi esa ularning uylariga yaqin yagona dam olish maskani ekanligini aytishmoqda. Bu yerdagi yangi bolalar maydonchasi yaqindagina — atiga yarim yil avval qurib bitkazilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan lavha.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, dushanba kuni mahallaga ishchilar yana kelishgan va hududni o‘rab olish maqsadida tayanch yog‘ochlarni o‘rnatishni boshlashgan. Aholi esa faollar bilan birga tayanchlarni chiqarib olishga, ular uchun qazilgan chuqurlarni ko‘mishga va profnastil listlari ustiga devor sifatida o‘rnatmasliklari uchun chiqib olishgan.


Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan lavha.

Mojaro paytida panjara o‘rnatishga harakat qilgan ba’zi erkaklar (qurilish kompaniyasi vakillari bo‘lishi mumkin — tahr.) kuch ham ishlatishdi. Aholi va faollar jarohat olganliklari haqida xabar qilishdi. Erkaklardan biri yoshi katta ayolni itarib yuborgan va u yerga yiqilib tushgan.

Sodir bo‘layotgan voqeaga tomoshabinlik qilgan huquq-tartibot idoralari vakillari mojaroni uzoq vaqt hal qila olmadi. Aholi ular quruvchining tarafini olayotganini aytishdi.


Toshkent hokimi aholi bilan suhbatlashmoqda. Foto: «Gazeta.uz».

Soat 16:00 lar atrofida voqea joyiga Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va uning arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Raxmonov, Yunusobod tumani IIO FMB boshlig‘i Abdumajid Shermuhamedov, tuman prokurori Olimjon Azimov va senatorlar tashrif buyurdi.

Shahar hokimi tadbirkorni suhbatlashish uchun chetroqqa olib chiqdi. Keyin u bolalar maydonchasi o‘rnida «qurilish bo‘lmasligini» ta’kidladi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.


Foto: «Gazeta.uz».

Shundan so‘ng, ishchilar o‘rnatilgan to‘siqlarni qayta buzishga kirishishdi, deb xabar qildi NOVA24. Shundan so‘ng, ular o‘zining kompaniyasiga tegishli avtobusga o‘tirib, ketishdi.


Ra’no Matlyubova. Foto: «Gazeta.uz».

«Qurilishni to‘xtatishgayu to‘xtatdik, lekin bu uchinchi marotaba sodir bo‘lyapti», — dedi Ra’no Matlyubova. «Ayrim odamlar jarohat olishdi, ularni shifoxonaga olib borishadi. Biz [quruvchilarning ustidan] ariza yozdik», — deya ta’kidladi u.

«Hammasi g‘alaba bilan yakunlandi. Xalqqa rahmat. Xalq — bu kuch. Xalqsiz hech nima qilib bo‘lmaydi», — dedi u Toshkent hokimi, prokuror va IIO FMB boshlig‘iga vaziyatni nazoratga olgani uchun minnatdorchilik bildirib.

Quruvchi haqida ma’lumot

Hujjatlarga ko‘ra, Toshkentning sobiq hokimi Rahmonbek Usmonov o‘zining 2015 yil 22 yanvardagi qarori bilan Markaz-5 dahasidagi 65, 69 va 71-uylar orasidagi 0,32 ga yer maydonini ko‘p qavatli uy-joy va yerosti avtoturargohini qurish uchun Best Capital Buildings kompaniyasiga ajratib bergan.


Tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati qurilish loyihasi hujjatlari yuzasidan hech qanday xulosa bermagan.

Toshkent shahar qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi advokatlarning so‘roviga binoan poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 2021 yil 14 apreldagi qarori bilan hokimning ayrim qarorlariga o‘zgartishlar kiritilgani va Best Capital Buildings kompaniyasi nomi Lucky Industry`ga o‘zgartirilganini ma’lum qildi. Aholi so‘nggi kompaniya nomini jurnalistlar bilan suhbatga tilga olgan.

Best Capital Buildings kompaniyasi 2014 yilning iyulida Yunusobod tumanida ro‘yxatga olingan. Rahbari sifatida Rasulxo‘ja A’loxo‘ja o‘g‘li Aripov, uning ta’sischilari esa — Akbarxo‘ja A’loxo‘ja o‘g‘li Aripov (60%) va Malika Muratovna Xasanxo‘jayeva (40%) ko‘rsatilgan.


Lucky Industry 2015 yilning aprelida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Asosiy faoliyat turi fitnes-klublar bilan bog‘liq deb ko‘rsatilgan. Uning rahbari Ulug‘bek Jo‘raqulovich Jalilov, ta’sischisi esa — Farrux Hamidullayevich Bakiyev hisoblanadi.

Hukumat tomonidan inson manfaatlarini ta’minlash va turar-joy binolari ichida qurilishni to‘xtatish rejalari to‘g‘risida e’lon qilinganiga qaramasdan, so‘nggi vaqtlarda Toshkentda aholi o‘zi yashaydigan hududdagi yashil maydon va o‘yin maydonchalarini himoya qilish holatlari ko‘plab uchrab turibdi.