Qozog‘iston 15 apreldan bug‘doy va un eksportiga cheklovlar joriy etadi, deya xabar qildi Zakon.kz nashri.

«Mazkur chora ichki bozorda taqchillik yuzaga kelishi va un ishlab chiqarish korxonalari zo‘riqishining oldini olish uchun kerak», — dedi mamlakat qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Aydarbek Saparov.

«2022 yil 1 aprelda Tashqi savdo siyosati va xalqaro iqtisodiy tashkilotlarda ishtirok etish bo‘yicha idoralararo komissiya 15 apreldan 15 iyungacha bug‘doy va un eksporti uchun kvotalar joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bug‘doy uchun kvota 1 million tonna, un uchun 300 ming tonnani tashkil etadi», — dedi u.

Avvalroq O‘zbekiston aprel-iyul oylarida Qozog‘istondan 100 ming tonna 3-sinf bug‘doyini (bir qismi un) maqbul narxlarda import qilishini ma’lum qilgan edi. Ichki va tashqi bozorlardagi vaziyatdan kelib chiqib, yana 500 ming tonna bug‘doy xarid qilish rejalashtirilmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston don va un mahsulotlarining taxminan 90 foizini Qozog‘istondan import qiladi. 2020 yilda O‘zbekiston tomoni Qozog‘istondan 666,1 mln dollarga don va undan tayyorlangan mahsulotlar (un va boshqa don mahsulotlari) sotib olgan bo‘lsa, 2021 yilda don mahsulotlari yetkazib berish hajmi 648,3 mln dollarni (umumiy importning 97,9 foizi), un esa 92,9 mln dollarni tashkil qildi (97,2%).