O‘zbekiston prezidentining 8 apreldagi «Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan bir qator monopol kompaniya va tashkilotlarga berilgan eksklyuziv huquqlar bekor qilinmoqda.

Xususan, farmon bilan quyidagi kompaniya va tashkilotlarning eksklyuziv huquqlari bekor qilinmoqda:

  • aholiga va ijtimoiy obyektlarga suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha «Hududgazta’minot» AJning (iyun).
  • haydovchi va haydovchilikka nomzodlarni transport vositasini boshqarishga layoqatligini tekshirish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha davlat davolash-profilaktika muassasalarining (avgust);
  • ishlatilgan texnik moylarni to‘plash va qayta ishlash bo‘yicha Uz-Prista Recycling MCHJ QKning (sentabr);
  • qishloq, ovul va shahar posyolkalarining bosh rejalari loyihalarini va topogeodeziya xaritalarini ishlab chiqish bo‘yicha «Qishloqqurilishloyiha» AJning;
  • «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi tizimidagi korxonalar buyurtmasiga asosan elektr texnika uskunalari va qurilmalari, butlovchi buyumlar sarflash materiallarini markazlashtirilgan holda xarid qilish bo‘yicha «Energo RES» MCHJning (iyun).
  • qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatlash bo‘yicha «Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi» DUKning (yanvar);
  • harbiy xizmatchilar, soliq xizmatchilarini majburiy sug‘urtalash bo‘yicha «O‘zbekinvest» milliy sug‘urta kompaniyasining (iyun).

Shuningdek, eksport va reeksport qilinayotgan tovarlarning kelib chiqish to‘g‘risidagi sertifikatni berish, guvohlantirish orqali tovarlarning kelib chiqish mamlakatini aniqlash maqsadidagi ekspertizani faqat «O‘zekspertiza» tomonidan o‘tkazilishini nazarda tutgan tartib bekor qilinadi (iyun).

Bundan tashqari, iyul oyidan boshlab o‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish xizmatlari yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari tomonidan ham ko‘rsatilishi mumkin.

Iyuldan «Birinchi rezinotexnika zavodi»ni qishloq xo‘jaligi va avtomobil shinalarining yagona yetkazib beruvchisi etib belgilash to‘g‘risidagi qoida bekor qilinadi.