Vazirlar Mahkamasining 7 apreldagi “Davlat ekologik nazorati hamda moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida nazoratning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi [165-sonli] qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishda huquqbuzarlik qilingan, shuningdek ekologiyaga zarar yetkazilgan holatlarni fotosuratga yoki videoga olib, yuborgan shaxslarga pul mukofoti beriladi.

Ularga har bir tasdiqlangan holat uchun huquqbuzardan jarima undirilgandan keyin o‘sha undirilgan pullar hisobidan BHMning 1 baravariga teng (270 ming so‘m) to‘lanadi.

Qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik bo‘yicha foto va videomateriallar “Ekonazorat” axborot tizimi orqali Davlat ekologiya qo‘mitasiga yuborilishi kerak.

Moddiy madaniy meros obyektlaridagi huquqbuzarlik bo‘yicha foto yoki videotasvirlar “Madaniy meros nazorati” axborot tizimi orqali Madaniy meros agentligiga jo‘natilishi mumkin.

Materiallarda quyidagilar aniq aks ettirilishi lozim:

  • sodir etilgan huquqbuzarlik;
  • huquqbuzarlik sodir etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar (agar mavjud bo‘lsa);
  • madaniy meros obyektining nomi (tegishli huquqbuzarlik bo‘yicha);
  • huquqbuzarlik sodir etilgan manzil, sana va vaqt.

Foto va videomateriallarga har qanday tarzda o‘zgartirishlar kiritish taqiqlanadi.

Kelib tushgan foto va videomateriallarni 15 ish kuni ichida mas’ul xodim ko‘rib chiqadi va huquqbuzarning shasxini aniqlash maqsadida IIVga yuboriladi.

Vazirlik materiallarni tekshirib huquqbuzarning shaxsini aniqlaydi va 10 ish kuni mobaynida tegishliligi bo‘yicha Davlat ekologiya qo‘mitasi yoki Madaniy meros agentligiga yuboradi.

Huquqbuzarlik aks ettirilgan foto va videomateriallarni yuborgan shaxslar:

  • daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha — BHMning 1 baravari (270 ming so‘m) miqdorida;
  • ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi boshqa huquqbuzarlik bo‘yicha — huquqbuzardan undirilgan jarima miqdorining 15 foizi miqdorida;
  • moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik bo‘yicha — BHMning 1 baravari (270 ming so‘m) miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Shuningdek, huquqbuzarlik bo‘yicha birinchi xabar bergan shaxsga rag‘bat puli beriladi. Agarda dalillar huquqbuzarlik tegishli organlar tomonidan bevosita aniqlangandan keyin kelib tushgan bo‘lsa, pul mukofoti berilmaydi.