8 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar berdi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, davlat rahbarlari muqaddas Ramazon oyi boshlangani bilan bir-birini samimiy tabriklab, birodar O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Muloqot chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ilgari surishga, shu jumladan O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi faoliyatini boshlash, Qambarota 1-gidroelektr stansiyasi va «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘lini qurish bo‘yicha infratuzilmaviy loyihalarni jadallashtirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbarlari bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasini ko‘rib chiqdilar. Mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi, deyiladi xabarda. Biroq bo‘lajak uchrashuvlar aynan qay tartibda o‘tkazilishi aniq keltirilmagan.

Qirg‘iz respublikasi prezidenti veb-saytida esa O‘zbekiston prezidenti javob tashrifi bilan Qirg‘izistonda bo‘lishi qayd etilgan. «Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga rejalashtirilgan javob tashrifi, shubhasiz, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganiga ishonch bildirdi», — deyiladi xabarda.

Sadir Japarov O‘zbekiston prezidentining 2022 yil 26−27 may kunlari Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadigan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi va Yevroosiyo iqtisodiy forumida shaxsan ishtirok etishini kutayotganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, muloqot davomida Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovni «Senterra» kompaniyasi bilan Qumtor oltin koni maqomi bo‘yicha muzokaralar yakunlangani va tegishli bitim imzolangani bilan tabrikladi.

Sadir Japarov esa Botken viloyatida ikkita umumta’lim maktabi qurilishi, qolaversa, Bobur nomidagi O‘sh akademik o‘zbek musiqali drama teatri rekonstruksiyasi uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 13 sentabrida Qirg‘izistonning O‘sh shahrida joylashgan Bobur nomidagi O‘sh akademik o‘zbek musiqali drama teatrining to‘liq rekonstruksiyasi boshlangandi. O‘shanda majmuadagi qiymati 5 mln dollarlik bo‘lgan ishlarni O‘zbekiston moliyalashtirishi ta’kidlangandi.

Sadir Japarovning Toshkentga tashrifi

2021 yilning mart oyi boshlarida Qirg‘iziston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Toshkentga kelgandi. Muzokaralar davomida O‘zbekiston yetakchisi «xalqlarimiz bugundanoq muzokaralar natijalarini his qilishlari kerak», deya qayd etgandi.

Qolaversa, O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari suvdan foydalanish va energetika, chegaralarni delimitatsiya qilish, iqtisodiy hamkorlik va transport-logistika masalalarini muhokama qilgandi. Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy» temir yo‘l loyihasini jadallashtirish muhimligini ta’kidlagandi, Sadir Japarov Sirdaryo havzasi resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomani yangilashni taklif qilgandi.

Rasmiy uchrashuvlarning ertasiga ikki davlat rahbarlari Toshkent shahridagi texnoparkka ham borgandi. O‘zbekiston xalqi nomidan Qirg‘iziston xalqiga yurtimizda ishlab chiqarilayotgan tez tibbiy yordam mashinalari sovg‘a qilingandi. O‘shanda Sadir Japarov «O‘zbekiston bizdan 40−50 yil ilgarilab ketibdi», deya ta’kidlagandi.

Tashrif davomida Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyevni Qirg‘izistonga taklif qilgandi.

Ularning keyingi uchrashuvi 2021 yilning 12 noyabrida Istanbulda bo‘lib o‘tgan Turkiy kengash sammitiga to‘g‘ri keldi. Qirg‘iz prezidenti matbuot xizmati yozishicha, O‘zbekiston yetakchisi «ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasini 1 mlrd dollarga oshirish uchun real imkoniyat mavjud», deya ta’kidlagan. Sadir Japarov hamkasbini yana bir bor Qirg‘izistonga taklif qildi.