Prezident farmoniga asosan Alisher Saidabbasovich Sultanov salomatligi tufayli boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan energetika vaziri lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

U 2019 yilning fevralidan beri Energetika vazirligiga rahbarlik qilib kelayotgandi.

Alisher Sultonov (1967 yilda tug‘ilgan) A. F. Mojayskiy nomidagi harbiy-muhandislik institutini tamomlagan (1989). 1996−1998 yillarda «O‘zneftqaytaishlash» kompaniyasi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi qurilishi bo‘yicha shartnomani bajarish bo‘yicha direksiyasining uskuna va qurilmalarni tayyorlash hamda qabul qilishni nazorat qilish bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimida ishlagan.

1998−1999 yillarda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi qurilishida bosh mutaxassis, 1999−2002 yillarda — «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi Sho‘rtan qurilishi boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan.

«Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi» unitar sho‘’ba korxonasiga rahbarlik qildi (2002−2013). 2013−2015 yillarda «O‘zbekneftgaz» Prognozlashtirish, resurslar va investitsion dasturlar bosh boshqarmasi boshlig‘i — boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari, 2015−2018 yillarda — «O‘zbekneftgaz» boshqaruvi raisi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi.

2017 yil 1 noyabridan bosh vazir o‘rinbosari lavozimini egallab kelayotgandi. 2019 yilda prezident qarori bilan bosh vazir o‘rinbosarlari soni sakkiztadan beshtaga qisqartirilib, ikkita maslahatchi lavozimi joriy etilgandi.