Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga (ITSV) 2023 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston tashqi savdo operatsiyalarini tartibga solishning vaqtinchalik mexanizmlarini joriy qilish vakolati berildi.

Bu prezidentning “Tashqi savdo faoliyati ishtirokchilarini qo‘llab- quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida qayd etilgan.

ITSV Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi xulosasi asosida tegishli choralarni ko‘radi.

Bunda, tayyor mahsulotlar eksportini rag‘batlantirish, shuningdek, import shartnomalari qiymatlarini sun’iy ravishda oshirish, ichki bozorga sifatsiz mahsulotlar kirib kelishi va kontrabanda holatlarining oldini olish choralari nazarda tutiladi.

Ma’lumot o‘rnida, Hukumat komissiyasiga bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov rahbarlik qiladi.

Farmon bilan shuningdek, yoshlar tadbirkorligini yanada qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, innovatsion texnologiyalarga asoslangan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida Hukumat komissiyasining qaroriga asosan Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ularga 500 ming AQSh dollarigacha kreditlar ajratishga ruxsat berildi.

Bundan tashqari, “O‘ztreyd” va “O‘zsanoateksport” AJlarga tashqi savdo kompaniyalarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash maqsadida Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 10 million AQSh dollar mablag‘ ajratiladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi “O‘ztreyd” va “O‘zsanoateksport” aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallaridagi (jamg‘armalaridagi) davlat aksiyalari (ulushlari) paketlari bo‘yicha aksiyador huquqini amalga oshiradi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bir hafta muddatda Eksportni rag‘batlantirish agentligiga “O‘ztreyd” va “O‘zsanoateksport” AJlarning ustav kapitallaridagi (jamg‘armalaridagi) davlat aksiyalari (ulushlari) o‘tkazilishini ta’minlaydi.

Bunga qadar, mazkur farmoni bilan 1 apreldan mahalliy korxonalarga Yevropa Ittifoqiga yuqori qo‘shilgan qiymat mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining 70 foizi, qo‘shni davlatlarga tashishda esa xarajatlarning 50 foizi kompensatsiya qilinishi haqida yozgandik. Qolaversa, bojxona omborida 6 oy turgan tovarlarga imtiyoz qo‘llashni taqiqlovchi tartib ham bekor bo‘ldi.