Juma kuni O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasining birinchi chorakdagi faoliyati yakunlari Hay’at majlisida ko‘rib chiqildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmat xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, ayrim yirik soliq to‘lovchilari uchun joriy yilda soliq stavkalarining pasayishiga (suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchilar uchun aksiz solig‘ini bekor qilish, ayrim korxonalar uchun QQSni kamaytirish va boshqalar — tahr.) qaramasdan, budjet tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan umumbelgilangan iqtisodiy ko‘rsatkich (YAIM)ga nisbatan 17 foizga o‘sdi.

Yirik soliq to‘lovchilardan tashqari boshqa tadbirkorlik subyektlarining soliq ma’murchiligiga mas’ul hududlarda esa tushumlarning o‘rtacha o‘sishi 37 foizni tashkil etdi.

Bundan tashqari, soliq ma’murchiligining indikator soliqlaridan QQS 27 foizga, hududlarda esa o‘rtacha 60 foizga o‘sdi.

Aylanmadan olinadigan soliq 1,3 baravarga o‘sib, ushbu soliq turidan eng yuqori o‘sish Farg‘ona (67%) va Xorazmda (48%) qayd etildi.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev. Foto: DSQ matbuot xizmati.

«Bunday o‘sishga iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi qatorida soliq ma’murchiligini raqamlashtirishdagi dadil qadamlar ijobiy ta’sir ko‘rsatdi», — deyiladi DSQ bayonotida.

«Yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar hamda mavjud muammolar ochiq va keskin ravishda tanqid qilindi», — deyiladi xabarda.

Jumladan, soliq ma’murchiligini ta’minlash, soliq bazasini kengaytirish hisobiga qo‘shimcha daromadlarni jalb etish va yuklatilgan vazifalarni bajarishda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi, Qashqadaryo va Toshkent viloyati DSB, Kogon hamda Andijon shahar DSI rahbarlariga nisbatan navbatdagi intizomiy jazo choralari belgilandi.

Andijon, Olot, Zomin, Paxtakor, Forish, Uchqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Urgut, Jarqo‘rg‘on, Termiz, Sirdaryo, Guliston tumanlari hamda Yangiyer shahar DSI boshliqlari lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, soliq qarzini majburiy undirishga qaratishda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun Asaka, Chiroqchi, Mingbuloq, Urgut, Mirzaobod, Sardoba, Bag‘dod, Qumqo‘rg‘on tumanlari hamda Quvasoy va Jizzax shahar DSI bo‘lim boshliqlari lavozimidan ozod etildi.

Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida «Soliq hamkor» tizimi orqali tushgan murojaatlar bilan ishlash hamda ushbu yo‘nalishda nazorat tadbirlarini amalga oshirishdagi jiddiy xato va kamchiliklari uchun Nukus, Jizzax va Andijon shaharlari, G‘ijduvon, Chiroqchi, Karmana, Pop, Urgut hamda Bekobod tumani DSI Sayyor soliq tekshiruvlari bo‘lim boshliqlari ham lavozimidan ozod etildi.

O‘z o‘rnida, yuqori natijalarga erishgan Davlat soliq boshqarmalari va 64 ta soliq inspeksiyalari jamoasini moddiy rag‘batlantirishga qaror qilindi.

Hay’at yig‘ilishida DSQ raisi o‘rinbosarlarining hisobotlari eshitilib, shaxsiy mas’uliyati belgilandi.