O‘zbekiston hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) 25 mart kuni Navoiy, Kitob va Shahrisabz shaharlarida suv infratuzilmasini rivojlantirish hamda chorvachilik sohasini inklyuziv va iqlimiy investitsiyalarni moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlikda ishlashga qaratilgan ikkita kelishuv imzoladi, deb xabar berdi «Gazeta.uz»ga FTA.

«Gazeta.uz» ilk loyiha haqida avvalroq xabar bergan edi. Unga ko‘ra, kelgusi olti yil ichida Navoiy viloyatining Karmana, Qashqadaryoning Shahrisabz va Kitob shaharlarida markaziy kanalizatsiya tizimi quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Ushbu dastur uchun FTA krediti 105 million yevroni tashkil qiladi.

Chorvachilikni rivojlantirish loyihasi uchun Yevropa Ittifoqining grant moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvi 7,6 mln yevro miqdorida mablag‘ni nazarda tutadi. Avvalroq, 2021 yilning iyun oyida FTA xuddi shu loyiha uchun 100 mln yevro ajratgan edi.

Birgalikda bu mablag‘lar iqlimiy barqaror amaliyotlarni qo‘llashga qodir va moslashuvchan bo‘lgan kichik ishlab chiqaruvchilarning o‘sish potensialiga asoslangan chorvachilikni rivojlantirishning yangi modelini moliyalashtirishga sarflanadi.

Yevropa Ittifoqi granti ishtirokchi moliya institutlari va chorvachilik sohasiga aloqador boshqa institutlar uchun texnik yordam dasturini qamrab oladi. YeI mablag‘lari, shuningdek, kichik fermer xo‘jaliklarining kredit olish imkoniyatlarini rag‘batlantirish uchun investitsiya grantini moliyalashtirishga ham yo‘naltiriladi. Dastur haqida qo‘shimcha ma’lumotni FTA saytidan topish mumkin.