Talabani zo‘rlashga urinishda ayblanayotgan Toshkent davlat pedagogika universitetining «Kasbiy ta’lim» fakulteti sobiq dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yuldashevga nisbatan jinoyat ishi sudga topshirildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Dastlabki tergov 4 mart kuni yakuniga yetgan, sobiq dekan o‘rinbosariga 25-modda (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 118 (nomusga tegish) va 105 (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) moddalari bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Tomonlar jinoyat ishi xujjatlari bilan tanishtirilgan

8 mart kuni jinoyat ishi bo‘yicha ayblov xulosasi tuzilib, jinoyat ishi ayblov xulosasini tasdiqlash va tegishli sudga yuborish uchun Yakkasaroy tuman prokuraturasiga yuborilgan.

10 mart kuni Yakkasaroy tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha ayblov xulosasi tasdiqlanib, jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudiga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning oktabrida TDPU uchinchi bosqich talabasi Mushtariybonu Kamilova dekan o‘rinbosari unga tegajog‘lik qilgani va qarshilik ko‘rsatgandan so‘ng uni derazadan itarib yuborganini ma’lum qilgandi.

Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva jamoatchilikka oshkor etilayotgan bukabi holatlar dengizdan tomchi ekanini ta’kidlab, «aybdorlar javobgarlikdan qocha olmasligi uchun bunday hodisalarning har biri jamoatchilikka oshkor qilinishi shart», — degan edi.

O‘tgan yilning dekabr oyida Mushtariybonu Kamilova yoshlar forumida nutq so‘zladi. Nogironlar aravachasida o‘tirib, ta’qiblar, dekan muovini yaqinlarining arizani qaytarib olish talablari, internetdagi bezorilik haqida gapirdi. Qiz ayollarni zo‘ravonlik haqida jim turmaslikka chaqirdi.

O‘sha oyning o‘zida Nemolchi.uz loyihasi tarmoqda ta’qibdan jabr ko‘rgan pedagogika universiteti talabasining intim videosi hamda uni obro‘sizlantiruvchi yolg‘on ma’lumotlar tarqatilgani haqida xabar berdi. Toshkent shahar IIB tergov tomonidan olib qo‘yilgan qizning telefonida ushbu video bo‘lmaganini ma’lum qildi. Tergovchiga nisbatan rasmiy tekshiruv tayinlangan, ammo uning natijalari haqida xabar berilgani yo‘q.