Ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanidagi «Katta Olmazor» mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning fasad qismidagi mozaikalar bo‘yalayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu vaziyatga Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, agentlik mutaxassislari tomonidan respublikadagi mahobatli bezak san’atining namunalarini saqlab qolish maqsadida o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Xususan, Toshkent shahar madaniy meros boshqarmasi tomonidan poytaxt bo‘ylab o‘rganish ishlari natijasida 150 dan ziyod binolarning fasad qismida tarixiy-badiiy ahamiyatga ega mozaikalar aniqlangan va hozirda ularni davlat himoyasiga olish ishlari amalga oshirilmoqda.

«Jumladan, Madaniy meros agentligi Ilmiy-ekspert kengashiga Toshkent shahridagi ko‘p qavatli binolardagi mahobatli san’at asarlarini madaniy meros obektlari sifatida belgilash uchun loyihalar kiritilgan bo‘lib, olimlar tomonidan o‘rganilmoqda», — deyiladi xabarda.

Mozaikalar madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritilgach, Ilmiy-ekspert kengashi xulosasiga asosan, san’at asarlariga yetkazilgan zarar uchun qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘riladi.