Xarkovdagi “Navro‘z” o‘zbek oshxonasi restorani egasi, shahardagi o‘zbek diasporasi rahbari Shahobiddin Yusupov urush boshlanganidan beri shahar aholisi uchun bepul ovqat tayyorlaydi. Bu haqdagi reportaj “Настоящее время” tomonidan e’lon qilindi. “Gazeta.uz” restoran boshqaruvchisi Meydan Muxamedyarov bilan suhbatlashdi.


Shahobiddin Yusupov. “Настоящее время” reportajidan lavha.

Ijtimoiy tarmoqlarda orqa fonida “Navruz Otel” banneri ilingan bino joylashgan yakson qilingan ikkita Rossiya harbiy texnikasi suratlari tarqalganidan so‘ng “Navro‘z” restorani va uning egasi hikoyasi mashhur bo‘ldi.


Foto: “Настоящее время” reportajidan lavha.

Restorator Shahobiddin Yusupov Ukrainada 25 yildan beri yashaydi va harbiy mojaroga qaramasdan, mamlakatni tark etmoqchi emas. Meydan Muxamedyarovning so‘zlariga ko‘ra, restoran egasi Qirg‘izistonda tug‘ilgan.

“Nega men bu yerga o‘rnashdim? Men Tomskda o‘qidim, Permda ishladim, Moskvada ishladim, — deydi Shahobiddin Yusupov „Настоящее время“ga bergan intervyusida. — Lekin bu yerga birinchi marotaba kelganimda, uch kunda shaharni sevib qoldim… Bu yerda 80% odamlar rus tilida so‘zlashadi. […] Men ovqat pishira olaman, shuning uchun hammani ovqatlantirish imkoniyatim bor. Qancha beradi, qancha yetadi — faqat Olloh biladi. Xarkov nima uchun yengilmayapti? Chunki hamma qo‘lidan kelgani bilan yordam berayapti. Biz har doim ovqat tayyorlardik. Shuning uchun shunday qaror qildik”.

“Xarkov biz uchun ikkinchi vatan bo‘ldi. O‘z vaqtida bizni bu yerda qarshi olgan, yaxshi qabul qilgan odamlarning haqqini uzish kerak. Shuning uchun biz xarkovliklarga og‘ir vaqtlarda yordam berish uchun qolishga harakat qildik”, — dedi Meydan Muxamedyarov. Uning o‘zi Turkmanistonda tug‘ilgan.

Meydan Muxamedyarovning aytishicha, Shahobiddin Yusupov “Navro‘z"dan tashqari yana bir restoranga egalik qiladi. “Navro‘z” qoshida mini-otel ham bor edi, lekin u hozir ishlamayapti. Mazkur restoran Taras Shevchenko ko‘chasida joylashgan bo‘lsa, ikkinchisi Dinamovsk ko‘chasida. U hozir ishlamayapti.


Meydan Muxamedyarov. Foto: Facebook.

Meydan Muxamedyarovning so‘zlariga ko‘ra, bugun “Navro‘z"da deyarli xodimlar qolmagan. Uning o‘zi va turmush o‘rtog‘i, shuningdek Shahobiddin Yusupovning qarindoshlari ishlayapti, xolos.

Jamoa har kuni soat 6 da uyg‘onib, tushlik tayyorlashni boshlashadi. Odamlar kun yarmida kelib, ovqat olishadi. Keyin esa ishchilar yana tayyorgarlikni boshlashadi.

“Ish yetarlicha. Hammaga yordam beryapmiz, kimga kerak bo‘lsa — yetkazib beryapmiz. Kechki soat 6 gacha ishlayapmiz, keyin esa bizda komendantlik soati boshlanadi”.

Xayriya menyusidan o‘zbek oshxonasining an’anaviy taomlari joy olgan: palov, mastava, sho‘rva, shuningdek, dala bo‘tqasi.

“Bilasiz, boshqa taomlar ko‘p vaqt va masalliqlarni talab qiladi, hozir hamma narsani ham topa olmaymiz. Lekin, umuman olganda, magazinlarda barcha mahsulotlar bor, tanqislik bo‘lmayapti. Barchasini o‘zimiz xarid qilamiz, davlat esa bizga logistika bilan yordam beryapti, suv va elektr energiyasi bilan ta’minlayapti — bu qimmat turadi. Hozirgi vaqtda biz qandaydir moliyaviy ko‘makka muhtoj emasmiz”, — deydi Meydan Muxamedyarov.

U shahar bo‘ylab barcha kommunal xizmatlar ishlayotganini qo‘shimcha qildi. “Ko‘chaga chiqib xursand bo‘lasan — shunday katta shahar yashashda davom etmoqda. Bu vaziyat barchamizni birlashtirdi, hamma bir-biriga yordam beryapti”.

Kuniga 600−800 porsiya ovqat tayyorlanadi. Kasalxonalar va hududiy mudofaa qo‘shinlariga ham ovqat yuboriladi. “Har kuni 300 dan ortiq odam keladi: ko‘plab qariyalar, yolg‘iz odamlar, kimdir o‘zi bilan kelish imkoniyati yo‘q bo‘lgan nogiron qarindoshlari uchun qo‘shimcha porsiya olib ketadi” — deya ta’kidlaydi restoran boshqaruvchisi.

“Restoran yaqinida tez-tez o‘q va portlash ovozlari eshitilib turadi, bu yerda hamma joyda harbiy harakatlar, lekin katta tahdid bo‘ladigan bo‘lsa, bizning yashirinadigan joyimiz bor. Umuman olganda, hozir eng xavfsiz joy, bu — metro”, — deya hikoya qiladi restoran boshqaruvchisi.

“Hozir faqat bitta rejamiz bor — tezroq g‘alabani nishonlash”, — deya qo‘shimcha qildi Meydan Muxamedyarov.