Skype O‘zbekistonda erkin ochila boshladi. Messenjer 2021 yil iyul oyida O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzuvchilar reyestriga kiritilgan edi. Hozirda Skype ushbu reyestrdan chiqarildi.

Servisdan taqiq olib tashlanganligi haqidagi ma’lumotni «Gazeta.uz»ga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati tasdiqladi. Vazirlik messenjerning qayta ishlashi «Skype bilan o‘zaro manfaatli muzokaralar natijasi» ekanligini qayd etdi.

Vazirlik qonunni buzuvchilar reyestriga kiritilgan boshqa xizmatlarga taqiqni bosqichma-bosqich olib tashlash bo‘yicha ishlar olib borilayotganini qo‘shimcha qildi. Hozirda reyestrda to‘rtta resurs mavjud — Twitter, TikTok, «VKontakte» va WeChat.

Qonunga ko‘ra, xorijiy kompaniyalar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlarini qayta ishlaydigan serverlarni mamlakat hududida joylashtirishi kerak. O‘tgan yilning yanvar oyida prezident tomonidan ushbu masala yuzasidan qonunga kiritilgan qo‘shimchalar imzolangan. Kiritilgan qo‘shimchalar 2021 yil aprel oyining o‘rtalarida kuchga kirdi.

2021 yilning may oyida «O‘zkomnazorat» «VKontakte», Twitter va WeChat egalaridan qonunga rioya qilishni talab qildi va iyul oyida ularni qoidabuzarlar reyestriga kiritdi. Ayni vaqtda bir necha yil avval O‘zbekistonda kirish cheklangan Skype ham reyestrda paydo bo‘lgan edi.

Ta’kidlash joizki, o‘zbekistonliklarning ma’lumotlarini qayta ishlovchi ko‘plab boshqa resurslarga cheklovlar qo‘llanilmagan. Noyabr oyida reyestrda mamlakatda juda mashhur bo‘lgan Telegram, Facebook, Odnoklassniki, YouTube va boshqa saytlar paydo bo‘ldi. Bu jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgach, bir necha soat ichida taqiq olib tashlandi. Voqealar ortidan O‘zkomnazorat boshlig‘i, AKT vaziri va IT bo‘yicha bosh vazir maslahatchisining iste’folari kuzatildi.

Twitter`ga kirish rasmiy ravishda cheklanganiga qaramay, prezident, hukumat, Senat raisi va boshqa ko‘plab davlat idoralarining matbuot xizmati xabarlari ushbu ijtimoiy tarmoqda e’lon qilinishda davom etmoqda. Jurnalistlar hattoki parlamentning yuqori palatasida qanday VPN ishlatilishi bilan qiziqishgan edi.

O‘tgan yilning oktabr oyida prezident Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga o‘zgartirishlar kiritish, «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Ushbu qonun 2022 yilning yanvar oyida kuchga kirdi.