24 mart kuni birja savdolari yakunlariga ko‘ra, barcha toifadagi shakarning o‘rtacha kunlik narxi avvalgi savdo kuniga nisbatan yana 14 foizga — 1 kg uchun 10101,3 so‘mdan 8735,8 so‘mgacha pasaydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati xabar berdi.

Payshanba kuni birja savdolariga deyarli 50% ko‘proq- 3200 tonna shakar qo‘yildi, biroq faqat 2874 tonnasining (90%) sotilgani esa xaridorlar talabi kamayganini ko‘rsatadi. «Xorazm shakar» zavodi 1600 tonna, «Angren shakar» esa 1274 tonna mahsulot sotgan.

Foto: UzEx.

Umuman olganda, oxirgi ikki savdo kunida (18 va 24 mart) shakarning birja narxi deyarli 30 foizga arzonlashdi. Bunga bozorga asoslangan chora-tadbirlardan foydalanish, jumladan, taklif darajasini oshirish orqali erishildi, deyiladi xabarda.

Xorazm shakar zavodi xodimi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga bergan intervyusida tadbirkorlarni narxlar oshishida aybladi.

«Birja savdolari orqali uzluksiz ravishda shakar mahsulotini yetkazib turibmiz. Lekin bu shakar mahsulotini ba’zi bir vahimaga tushib qolgan tadbirkorlarimiz talabdan ko‘ra ko‘p miqdorda olishi natijasida narx sun’iy ravishda oshib ketdi. Bunga asos yo‘q», — dedi u.

Korxona vakili xorij davlatlaridan sodir bo‘layotgan jarayonlar O‘zbekistonda shakar ishlab chiqarishga ta’sir ko‘rsatmasligini ta’kidladi.

«Biz shakar xom ashyo mahsulotini Braziliya davlatidan olib kelamiz. Shakar uchun zaxiralarimiz yetarli. Xalqimizga bemalol yetkazib bera olamiz. Hukumatimiz qaroriga asosan yarmarkalar tashkil etildi. Yarmarkalarga ham yetkazib berib turibmiz», — deya qayd etib o‘tdi u.

Eslatib o‘tamiz, mart oyi o‘rtalarida birjada shakar narxi 12 700 so‘mga, chakana savdoda esa 1 kg uchun 16 ming so‘mga yetdi.

17 mart kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi har bir lotda kuniga kamida 2000 tonna shakarni birja savdolari orqali sotish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bundan tashqari, har bir xaridorga bir savdo sessiyasida barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlar ta’minlangan holda 20 tonnadan ortiq bo‘lmagan miqdorda sotishga ruxsat berildi.

Ayni vaqtda Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham shakar mahsulotlariga talab yuqori bo‘lib qolmoqda. Bu davlatlar rasmiylariga ko‘ra, shov-shuvga chayqovchilik va sun’iy taqchillik sabab bo‘lmoqda.