Davlat xizmatlari agentligining Samarqand viloyati Ishtixon tumani bo‘limi katta mutaxassisi katta miqdorda pora olayotganda ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi. Tezkor tadbir Departamentning Samarqand shahar bo‘limi tomonidan DXX va IIB bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Aniqlanishicha, B.R. 12 ming AQSh dollari evaziga «B.S.» MCHJga issiqxona uchun ajratilgan yer maydonini tanishlari yordamida tikuvchilik va pishiriq ishlab chiqarish sexi qurishga hujjatlarni tayyorlab berishni va’da qilgan. U so‘ragan 6 ming dollarini tanishi Sh. R. orqali olgan vaqtida ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Samarqand shahri, Oqdaryo, Ishtixon va Paxtachi tumanlarida ham noqonuniy yer savdosida gumonlanib bir qator shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.