Shavkat Mirziyoyev joylarda tibbiyot sohasi vakillariga, ayniqsa, shoshilinch va tez tibbiy yordam xodimlariga nisbatan kuch ishlatish, tajovuz holatlarini tanqid qildi. Prezident bu haqda 18 mart kuni o‘tkazilgan «Tibbiyotdagi islohotlar — inson qadri uchun» mavzusidagi ochiq muloqotda aytib o‘tdi.

«Shifokorga qo‘l ko‘tarish, uni so‘kib, haqorat qilish bizning insof-diyonatli, oq ko‘ngil, mehr-oqibatli xalqimizga munosibmi? Bu bizga mutlaqo yarashmaydigan holatdir», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, endi, tibbiyot xodimlari faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashgan, ularning ishiga to‘sqinlik qilgan hamda tajovuz ko‘rsatgan kimsalarga nisbatan qonunchilikda alohida ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi.

«O‘zbekistonda „Qonun — ustuvor, jazo — muqarrar“ ekanini, hech kim esidan chiqarmasligi kerak! Bugungi anjumanda yana bitta muhim masalani alohida aytmoqchiman. Taniqli olimlar va xalqaro ekspertlarni jalb qilib, Sog‘liqni saqlash kodeksini ishlab chiqishning vaqt-soati keldi», — deya prezident so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Kodeksda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • tibbiyot xodimlari hamda bemorlarning huquq va majburiyatlari ilg‘or xorijiy tajriba asosida, qayta ko‘rib chiqiladi;
  • tibbiyot xodimlarining huquqiy himoyasi kuchaytiriladi;
  • fuqarolarning o‘z sog‘lig‘iga e’tibori va mas’uliyatini oshirish mexanizmlari joriy etiladi.

Avvalroq, mazkur uchrashuvda davlat rahbari Konstitutsiyaga tibbiyotga oid o‘zgartishlar kiritishni taklif qilgandi.

Bundan tashqari, prezident halol va vijdonan ishlayotgan shifokor va hamshiralarga 100 foizgacha oylik ustamalar to‘lab berilishini ma’lum qildi. Yangi ish boshlagan yosh shifokorlarga esa 1 mln so‘mgacha maxsus oylik ustama to‘lash tartibi joriy etiladi.