9 mart kuni soat 11:45 da Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani «Otkamar» MFYda noqulay ob-havo sharoiti tufayli 3 fuqaroni yashin urdi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Voqea oqibatida bir kishi vafot etgan, qolgan ikki kishidan biriga tibbiy yordam ko‘rsatilib, ambulator davolanishga ruxsat berilgan.

Ikkinchi fuqaroga tuman tibbiyot birlashmasida malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, deyiladi xabarda.

«Nasafnews» Telegram kanalining keyinroq aniqlik kiritishicha, yashin urganlar bir oilaning a’zolari bo‘lgan. Yashin urishi oqibatida vafot etgan erkak (ota) 63 yoshda bo‘lgan.

Uning 42 yoshli o‘g‘li J.R. voqeadan so‘ng tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan. Unga situatsion nevroz tashxisi qo‘yilib, ambulator yordam ko‘rsatilgan. Marhumning 37 yoshli o‘g‘li J.S. bo‘yin, ko‘krak qafasi old sohasi, o‘ng oyoq son, ikkala boldir sohalarini II-III A,B darajali 18−20% kuyish tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasida davolanayotgani aytilgan.

Avvalroq, O‘zgidromet Toshkent shahrida yaqin 2 soat ichida kuchli momaqaldiroq bilan yomg‘ir yog‘ishi, shuningdek shamol tezligi 12−14 m/s kuchayishi kutilayotganini ma’lum qilgandi.