Ukraina va Rossiya delegatsiyalari 7 mart kuni Belarusdagi Belovej pushasida harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarning uchinchi bosqichini o‘tkazishdi. Uchrashuv uch soatdan ortiqroq davom etgan.

Rossiya prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiyning ma’lum qilishicha, tomonlar «uzoq vaqt oldingi uchrashuvda kelishilgan, biroq umuman ishlamagan gumanitar yo‘laklar muammosini muhokama qilishgan». Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘laklar ukrain harbiylarining o‘z ma’muriyati topshiriqlariga quloq solmaganligi uchun ishlamagan.

«Biz bu muammoni ko‘tardik. Biroq, umid qilamizki, ertadan yo‘laklar ishlashni boshlaydi. Ukraina tomoni bizga o‘z kafolatlarini berdi. Bundan tashqari, siyosiy-harbiy masalalar bo‘yicha muxokamalar davom etdi. Biroq ular hozircha yengil kechmayapti va nimadir deyishga hali erta», — deya ta’kidladi u.

Vladimir Medinskiy muzokaralarning uchinchi bosqichidan kutilgan natijalar amalga oshmaganligini, biroq keyingi uchrashuvda sezilarli darajada oldingi siljish bo‘lishidan umid qilishini qayd etdi. «Muzokaralar davom etadi», — dedi u.

U Rossiya delegatsiyasi tomonidan olib kelingan hujjatlar ukrainaliklar tomonidan o‘rganish uchun «uyga» olib ketilganini ta’kidladi. Medinskiy kelishuvga erishilgandek tuyulgan masalalar bo‘yicha hech bo‘lmaganda protokol imzolashga umid bildirganini, biroq hech narsaga imzo chekilmaganini qo‘shimcha qildi.

Rossiya delegatsiyasi a’zosi, Davlat dumasi deputati Leonid Slutskiy muzokaralar tez orada davom etishini ta’kidladi. «Navbatdagi yoki undan keyingi bosqichda oxirgi natijaga erishiladi degan illyuziyalar bilan o‘zimizni aldamaymiz. Bu juda og‘ir va bosqichma-bosqich ish. Hamkasblarimiz birdaniga bizning pozitsiyamizga yaqin qandaydir pozitsiyani egallashlariga va uni keyinchalik so‘zsiz bajarishlariga umid qilmayapmiz», — dedi u.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak muzokaralarda gumanitar yo‘laklar bo‘yicha oldingi siljishlar bo‘lganini qayd etdi, biroq mamlakatdagi vaziyatni yaxshilaydigan natijalarga hali erishilmaganini ta’kidladi. U o‘t ochishni tugatish va xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha maslahatlashuvlar davom etishini qo‘shimcha qildi.

Muzokaralarning uchinchi kunida jimlik rejimi ishlashi kerak edi. Tomonlar bir necha marotaba gumanitar yo‘laklar tashkil etishiga halaqit berishdi va bir-birlarini o‘t ochishni to‘xtatishga rioya qilmaslikda ayblashmoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligi Kiyev, Mariupol, Xarkov va Sumdan to‘rtta gumanitar yo‘laklar ochilganini ma’lum qildi. Ushbu yo‘laklarning ayrimlari Ukraina fuqarolarini Rossiyaga olib ketish uchun mo‘ljallangan edi.

Ukraina tomoni ushbu rejani ma’qullamadi. Mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Irina Vereuk Rossiya gumanitar yo‘laklarni ochishning «qabul qilib bo‘lmaydigan variantini» taqdim etganligini ta’kidladi. U Ukraina shaharlariga olib boruvchi boshqa evakuatsiya rejasini taklif qildi va Rossiyani ularning ochilishini tasdiqlashini so‘radi.

«Ivankovo, Dimorov, Vishgorod, Kiyev atrofidagi odamlarimiz keyinchalik samolyotlarda Rossiyaga uchish uchun Belarusga borishmaydi», — dedi u.

Keyinroq Rossiya idorasi Ukraina tomoni soat 13:00 holatiga gumanitar yo‘laklarni tashkil etish bo‘yicha bitta ham shartni bajarmaganligini ta’kidladi. Mudofaa vazirligi evakuatsiya yo‘nalishlariga «Ukraina qurolli kuchlari va millatchilar tomonidan 172 ta o‘qqa tutish» holatlari qayd etilganligini ma’lum qildi.