Toshkentda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan umummilliy dastur doirasida Yo‘l harakati xavfsizligi komissiyasini tuzish va «Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda» hududiy dasturini ishlab chiqish ishlari boshlab yuborildi.

«Gazeta.uz»ga poytaxt hokimligi huzuridagi raqamli rivojlanish departamenti direktorining birinchi o‘rinbosari Aleksey Xenning xabar berishicha, komissiya tuzish va dasturni ishlab chiqishdan maqsad — yo‘l harakati xavfsizligi sohasi bilan bog‘liq masalalarni kollegial hal etishdan iborat. Hozir turli masalalar turli xil idoralar tomonidan hal qilinadi, bu har doim ham samarali emas va tezkor qaror qabul qilishga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin. Ishni samarali tashkil etish va shahar aholisining fikrini inobatga olish uchun komissiya tarkibiga ham mas’ul idoralar, ham jamoatchilik vakillarini qo‘shish rejalashtirilmoqda.

Toshkent shahar hokimligida komissiya tuzilishi oldidan o‘tkazilgan muhokamalarda poytaxt IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, shahar Transport boshqarmasi rahbarlari, hokimiyat, Transport vazirligi va hokimiyat huzuridagi Jamoat kengashi vakillari ishtirok etdi. Muhokamalarni kuzatish maqsadida «Gazeta.uz» vakili ham taklif etildi.

Shahar yo‘l harakati xavfsizligi dasturi Shvetsiyaning Vision Zero konsepsiyasi yoki «nol o‘lim konsepsiyasi»ga asoslanadi, u esa yo‘l transport hodisalari sodir bo‘lishi imkoniyatlarini minimallashtirish, umuman yo‘lllarda jarohatlanish va o‘lim holatini nolgacha kamaytirish uchun shart-sharoit hamda yo‘l infratuzilmasini yaratishni o‘z ichiga oladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yildayoq shaharlar yo‘llarida ustuvorlik piyodalarga berilishi kerakligini ta’kidlagandi. Keyinchalik, imkon qadar muhimligi bo‘yicha jamoat transporti va velosipedlar harakatiga, shundan keyingina — shaxsiy transportga e’tibor qaratish lozim.

«Gazeta.uz» bir necha marotaba yozganidek, shunga qaramasdan, mamlakatning boshqa shaharlari kabi Toshkentda ham amaliy ishlar yengil avtomobil haydovchilariga qulayliklar yaratish yo‘lida rivojlanishda davom etmoqda.

Komissiya YTHlar sabablarini o‘rganishi, infratuzilma kamchiliklarini tahlil qilishi va shunga muvofiq, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlashi kutilmoqda.

Moskvaning muvaffaqiyatli tajribasidan kelib chiqib, shahar hokimiyati qoshida Yo‘l harakatini tashkil etish markazini tuzish rejalashtirilmoqda. Markaz mazkur sohadagi barcha masalalarga javobgar yagona organ bo‘ladi. Bundan tashqari, yo‘l transport infratuzilmasining barcha obyektlari, jumladan svetoforlar, yo‘l belgilari, yo‘l chiziqlari, yerosti va yerusti o‘tish yo‘llari, yo‘l o‘tkazgichlar, tonnellar va boshqalarni o‘z balansida saqlovchi yagona tashkilot bo‘lishi lozim.

Shu yilning o‘zida YTHlar to‘g‘risida statistik va boshqa ma’lumotlarni (shu jumladan, ularning o‘choqlari, geomanzili) «Raqamli Toshkent» dasturiga integratsiya qilish hisobiga avariyalar, ularning konsentratsiyasi va ularni oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning shaffofligini ta’minlash zarur.

Jahon tajribasi asosida va xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda yo‘l harakati xavfsizligini oshirish hamda zarur bo‘lgan joylarda avtomobil trafigi bosimini kamaytirish maqsadida xalqaro e’tirof etilgan usullarni joriy etish uchun shahar ko‘chalari va yo‘llarni qurish bo‘yicha davlat standartlari qayta ko‘rib chiqiladi.

Shu kabi usullarga harakat chiziqlari kengligi, ularning soni, muayyan hududda harakat tezligini hisobga olib, qatnov qismi kengligini qisqartirish kiradi. Qolaversa, piyodalar o‘tish joylari orasidagi masofaga bo‘lgan talablar, chorrahalar radiuslarining torayishi va ularda «ko‘rishlar uchburchaklarini» ta’minlash, biroz ko‘tarilgan o‘tish yo‘llarini qurish, xavfsizlik orolchalari, shikan (yo‘lning sun’iy egriligi), katta bo‘lmagan va boshqa chorrahalarda aylanma harakatni yo‘lga qo‘yish ham shular jumlasidan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan ichki ko‘chalar, mahallalar, maktablar, bolalar bog‘chalari va boshqa ta’lim muassasalari yaqinida transportlarga ruxsat etilgan harakat tezligi 30 km/soatgacha, shaharning boshqa qismlarida esa 50−60 km/soatgacha kamaytiriladi.

Dasturga kiritilishi rejalashtirilgan piyodalar xavfsizligini oshirish bo‘yicha muhim takliflar sirasiga yerosti va yerusti piyodalar o‘tish yo‘llarini takrorlash va piyodalar o‘tish joylarida odamlarning ko‘rinuvchanligini oshirish uchun maxsus yoritish moslamalaridan foydalanish kabilar kiradi. Yuqorida sanab o‘tilgan barcha takliflar jamoatchilik bilan muhokama qilinishi shart.

Jamoat transportining muntazamligi va tezligi muammosini hal qilish uchun maxsus yo‘l bo‘laklari tashkil etiladi, kelgusida ularda balki shoshilinch vaziyatlarda maxsus xizmatlarning avtomobillari ham harakatlanishi mumkin bo‘ladi. Poytaxtning markaziy tumanlari ko‘chalari bo‘ylab pullik avtoturargohlarni barpo etish rejalashtirilmoqda, shuningdek, bepul to‘xtash joylarini tashkil etish ham ko‘rib chiqiladi. Ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar yaqinida piyodalar xavfsizligini oshirishga alohida e’tibor qaratgan holda jamoat transportidan foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishi kerak.

Bundan tashqari, keng, qulay, barqaror va ishonchli transportda ko‘plab yo‘lovchilarni tashish yo‘li bilan ko‘chalardagi tirbandlikni hal qiladigan zamonaviy yengil relsli transportlarni tashkil etish masalasi alohida ko‘rib chiqiladi. Yaqinda davlat rahbari tramvayni Toshkentga qaytarilishini ma’lum qilgandi. Mutaxassislar u hozirgi holatdagi tramvay emas, balki butun dunyoda faol rivojlanayotgan zamonaviy elektrotransport bo‘lishi kerak degan fikrga qo‘shilishdi.

London, Berlin va Moskva shaharlarida ko‘zi ojiz va xira ko‘radigan shaxslarning yashash joylari, ta’lim va ish joylarida harakatlanishi uchun xavfsiz sharoit yaratish va svetoforning belgilari haqida ogohlantiruvchi tovushli uskunalarni o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Real vaqt rejimida transport vositalari oqimlarini kuzatish va boshqarish uchun shaharda svetoforlar va kuzatuv kameralarini birlashtiradigan intellektual transport tizimi (ITT) joriy etiladi. U shu jumladan, jamoat transporti va shoshilinch holatlarda maxsus xizmatlarning ustuvor harakatlanishi uchun imkon yaratib beradi.

Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda maxsus qurilmalarni yo‘l infratuzilmasi (shu jumladan, belgilar va yo‘l chiziqlari) obyektlarining holatini doimiy monitoring qilish va yo‘l qoplamasining shikastlanishini aniqlash maqsadida joriy etish rejalashtirilgan.

Barcha YPX avtomobillari qoida buzish holatlarini avtomatik ravishda aniqlovchi va YTHlarni geolokatsiyasi bilan birga ro‘yxatga olish uchun kameralar va qurilmalar bilan jihozlanishi kerak.

Shuningdek, shaharda yuk tashuvchi mashinalar uchun harakatlanish vaqti va yo‘nalishlari bo‘yicha cheklovlarni, qolaversa, ularning onlayn monitoringini yuritish va tashib ketayotgan yuk og‘irligini nazorat qilish kutilmoqda.

YTHlarni oldini olish masalalari bo‘yicha aholining murojaatlarini yanada samarali kuzatib borish va ular bilan ishlash uchun «Xalq nazorati» shahar jamoatchilik nazorati platformasi imkoniyatlaridan ham foydalanish ko‘rib chiqilmoqda.