4 mart kuni chet el, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib turgan Ukraina-Polsha chegarasidagi «Karchova» nazorat-o‘tkazish punkti yaqinidagi to‘planish nuqtasiga Polsha Prezidenti Anjey Duda tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV rasmiy vakili Yusup Kabuljanov ma’lum qildi.

Xabarda qayd etilishicha, Anjey Duda birinchi navbatda O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi diplomatlari yoniga kelib, ularning qo‘lini siqdi.

«Siz yurtingiz fuqarolari uchun muhim va ezgu ishni qilyapsiz. Sizning harakatlaringizni ko‘rib boshqa davlatlar diplomatlari va ko‘ngillilar faoliyatingizdan ilhom olishi shubhasiz. Menga O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilishni birinchi bo‘lib boshlagani haqida aytib berishdi va bu sa’y-harakatlaringizni O‘zbekiston hukumatining o‘z fuqarolariga nisbatan muhim e’tibori va otalarcha g‘amxo‘rligi deb bilaman», — deya uning so‘zidan iqtibos keltirdi TIV vakili.

«Hech qancha vaqt ilgari biz ham xuddi shunday vaziyatga tushib qolgandik va sizga qo‘shni bo‘lgan davlatni tark etgan fuqarolarimiz hamda Yevropa mamlakatlarining fuqarolaridan xavotirda edik. Biz ularni evakuatsiya qilishdek bu og‘ir operatsiyani faqat O‘zbekistonning faol ko‘magi bilan amalga oshira oldik. Bu bizning yodimizda», — dedi Anjey Duda.

Anjey Duda O‘zbekiston fuqarolari bilan ham suhbatlashib, ularni qo‘llab-quvvatlashi va zarur yordam ko‘rsatishini aytib o‘tdi, dedi Yusup Kabuljanov.

Avvalroq 4 mart kuni tushga qadar 11 ta aviareys bilan Polsha orqali Ukrainadan 2579 kishi evakuatsiya qilinganini yozgan edik. Evakuatsiya davom etmoqda.