1 fevral holatida O‘zbekiston banklarining kredit portfelidagi muammoli kreditlar (NPL) ulushi 5,4 foizga oshgan. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida qayd etildi.

Qayd etilishicha, banklarning umumiy NPL miqdori 17,47 trln so‘mni tashkil qilmoqda. Bu 1 yanvar holatidagi ko‘rsatkichga nisbatan 503 mlrd so‘mga ko‘p demakdir. Banklarning kredit portfeli esa 2,2 trln so‘mga qisqargan.

Fevral oyida NPL eng ko‘p «Ipotekabank» kredit portfelida oshgan. Oy davomida bankning NPL miqdori 193 mlrd so‘mga ortib, umumiy 1,17 trln so‘mga yetdi. Shuningdek, «O‘zmilliybank»da NPL miqdori 109 mlrd so‘mga oshdi va 3,41 trln so‘mni tashkil qildi. «Qishloqqurilishbank» portfelida ham 149 mlrd so‘mlik o‘sish kuzatildi.

NPL o‘sishining asosiy qismi davlat ulushi mavjud banklar hisobiga to‘g‘ri keladi. Ushbu banklarda NPL 453 mlrd so‘mga (oy davomida umumiy NPL o‘sishining 90 foizi) ortgan. Davlat ulushi mavjud banklardan faqat uchtasi — «Xalq banki» (67 mlrd so‘m), «Asakabank» (87 mlrd so‘m) va «Agrobank» (3 mlrd so‘m) muammoli kreditlardan xalos bo‘ldi. Shunga qaramasdan, «Xalq banki» (3,79 trln so‘m, jami kreditlardagi ulushi — 19,6%) muammoli kreditlar qoldig‘i bo‘yicha birinchi o‘rinda turibdi.

Xususiy banklarda NPL qariyb 50 mlrd so‘mga ortdi. Ushbu banklar orasida NPL eng ko‘p Asia Alliance Bank kredit portfelida (+60 mlrd so‘m) ortdi. Shuningdek, «Trastbank» portfelida ham 43 mlrd so‘mlik o‘sish qayd etildi. «Kapitalbank» 37 mlrd so‘mlik, «Ravnaqbank» va «Ipak yo‘li» banklari 53 mlrd so‘mlik, TBC esa 9 mlrd so‘mlik NPL’dan qutuldi.

NPL’ning jami kreditlardagi ulushi eng yuqori bo‘lgan bank Hi-Tech (93,1%) hisoblanadi. Undan keyingi o‘rinlarni «Turkiston bank» (69,1%) va «O‘zagroeksportbank» (56,3%) egalladi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratov imtiyozli kreditlar tarkibida muammoli kreditlar ulushi 18 foizni tashkil etishini ta’kidlagan edi. Taqqoslash uchun, 1 dekabr holatiga ko‘ra, bank sektorining umumiy kredit portfelidagi NPL ulushi 5 foizni (xususiy banklar) va 5,7 foizni (davlat ulushi bo‘lgan banklar) tashkil etgandi.