1 mart kunidagi videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida farmonni imzolaganini ma’lum qilgandi.

2 mart kuni tegishli [PF-81-son] hujjat Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilindi.

Farmon bilan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi. Unga Zulayho Mahkamova rahbarlik qiladi.

Qo‘mita oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Oila va xotin-qizlar masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari qo‘mita bilan majburiy tartibda kelishiladi.

«Endi har bir mahallada ayollarning dardi bilan yashaydigan tizim bo‘ladi. Qaysi ayolga nima kerakligi, o‘qishi, davolanishi, bolalari tarbiyasi bo‘yicha mening stolimda adolatli raqam bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev seshanba kungi yig‘ilishda.

Farmon bilan quyidagi lavozimlar kiritildi:

  • Vazirlar Mahkamasiga — Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga — Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi;
  • viloyat hokimliklariga — hokim o‘rinbosarlari — oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari;
  • tuman (shahar) hokimliklariga — hokim o‘rinbosarlari — oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari lavozimlari.

Quyidagi lavozimlar esa tugatildi:

  • mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri;
  • mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlari;
  • mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari boshliqlari lavozimlari.

Har bir shaharcha, qishloq, ovulda, har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etildi.

Farmonga asosan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalari negizida tegishincha Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi. Vazirlikka esa vaqtincha Tursinxan Xudaybergenov rahbarlik qiladi.

Vazirlik nuroniy va keksalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, mahallalar bilan hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Mahalla, nuroniy va keksalar masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Vazirlik bilan majburiy tartibda kelishiladi.

Hujjat bilan mahalla raisiga qo‘shimcha huquqlar berildi.

Mahalla raisi, jumladan, tuman (shahar) hokimi yordamchisi, mahalladagi yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli, ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlarini rag‘batlantirish yoki ularga nisbatan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha mazkur xodimlarning yuqori turuvchi tashkilotlariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritishi mumkin.

2022 yil 1 iyulgacha «Mahalla to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Farmonga muvofiq, shuningdek, aholi muammolarini o‘rganish, tahlil qilish va hal etish hamda murojaatlarni davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ko‘rib chiqishning bir-biri bilan uzviy bog‘langan to‘rt pog‘onali «mahalla-tuman-viloyat-respublika» tizimi joriy etildi.