Markaziy bank ayrim xalqaro pul o‘tkazmalari operatorlari faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar yoki to‘xtalishlar kuzatilayotganiga izoh berdi.

Markaziy bank axborotida Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarini amalga oshiruvchi ko‘plab tizimlar yo‘lga qo‘yilgani, ba’zi tizimlarda uzilishlar vujudga kelganda, ularning boshqa muqobilidan foydalanish imkoniyati mavjudligi aytildi.

«Xalqaro pul o‘tkazmalarining aholi uchun dolzarbligidan kelib chiqib, tijorat banklari tomonidan O‘zbekiston hududida ularning uzluksiz faoliyati uchun zarur choralar ko‘rib borilmoqda», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 25 fevral kuni Hamkorbank «bank tizimlarida olib borilgan texnik ishlar» tufayli «Sberbank Onlayn»dan pul o‘tkazmalarini qabul qilishni to‘xtatdi. Uch kundan keyin «Sberbank» mobil ilovasidan pul o‘tkazmalarini qabul qilish qayta tiklandi.

Dushanba kuni «Ipak yo‘li» banki ham «Sberbank Onlayn» orqali jo‘natilgan o‘tkazmalarni bank kartalariga kirim qilish hamda «Unistrim» pul o‘tkazmalarini jo‘natish va qabul qilishni vaqtinchato‘xtatdi. Hisobotda qayd etilishicha, cheklovlar «texnik sabablarga ko‘ra» va vaqtinchalik kiritilgan.

Avvlroq Apelsin raqamli banki rublda pul mablag‘larini yuborish va qabul qilish yuqori volatillik sababiga ko‘ra vaqtincha cheklanganini ma’lum qilgandi. VISA, Mastercard va Western Union pul o‘tkazmalari odatdagi tartibda ishlamoqda.

Rossiyaning beshta yirik banki, jumladan Sberbank, VTB va Sovkombank (yaqinda «O‘zagroeksportbank»ni sotib olgan) Ukrainaga harbiy bosqin munosabati bilan e’lon qilingan Rossiyaga qarshi G‘arb davlatlarining sanksiyalari ostida qoldi. Rossiya Banki va Rossiyaning eng yirik banklariga nisbatan qattiq sanksiyalarning kiritilishi, jumladan, ularning SWIFT tizimidan uzilishi rubl kursini pasaytirdi.