26 yashar Madina boshqa gullarga nisbatan atirgullar va nilufar gullarni ko‘proq yaxshi ko‘radi. U Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashaydi. Ikki yashar qizi bor, shuningdek, II guruh nogironi bo‘lgan turmush o‘rtog‘ini ta’minlash ham ayol zimmasiga tushgan. Madina turmush o‘rtog‘ining ruhiy salomatligida muammolar borligi haqida oila qurganidan so‘ng xabar topgan. Aytishicha, erining yaqinlari undan bu muammoni yashirishgan.

Oilaning farovonligi Madinaga bog‘liq. Eri ishlamaydi. Ayolga ba’zida otasi va akasi yordam berib kelishadi. Qaynona-qaynotasining nafaqalari ularning o‘zlarini ehtiyojini zo‘rg‘a qoplaydi. Mahalla qo‘llab-quvvatlab keladi: oziq-ovqat mahsulotlari, pamperslar berib turishadi.

Madina aynan mahalla qo‘mitasi vakillaridan ayollar uchun mo‘ljallangan floristika bo‘yicha bepul kurslar haqida xabar topgan.

«O‘shanda xayolimga qog‘ozdan gul yasashga o‘rgatishadi, degan fikr kelgan. Ammo tirik gullar bilan ishlashimiz, bu kurs bizga florist kasbiga yo‘l ochishini hech kutmaganman», — deydi Madina.


Floristika kursi bitiruvchilari Muborak Muxrimova (markazda) bilan. Foto: Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.

Ayol yangi imkoniyatlar haqida gapirayotganida, ko‘zlarida uchqun paydo bo‘ladi. U oilasiga yordam berish uchun ham ishlashni juda xohlaydi. O‘z mahallasiga yaqin joyda bozor borligi, uni hududida gul do‘koni ochilgani haqida gapiradi. Madina o‘sha do‘konga florist bo‘lib ishga kirishni rejalashtirmoqda. Ammo hozircha uyda ishlashga majbur, chunki yaqin-yaqin vaqtgacha hayotida yagona quvonchi bo‘lgan qiziga enaga yollash uchun pul to‘plashi kerak.

«Yaqingacha dunyo qorong‘i, imkonsiz ko‘rinardi. O‘ta tushkun kayfiyatda edim, hech narsa xohlamasdim. Gullar bilan ishlay boshlagach, kayfiyatim ko‘tarildi, hayotga nisbatan munosabatim ham o‘zgardi», — deya hikoya qiladi u.

Bepul kursda tahsil oluvchi 12 nafar xotin-qizlarning hayotidagi qorong‘iliklar, yorug‘liklarga nisbatan sal uzayib ketgandek. Biri allaqanday hayotiy vaziyat tufayli ilojsiz qolgan, yana biri maishiy zo‘ravonlikka duch kelgan.

«Dastlabki mashg‘ulotlarga kamgap, o‘zlariga umuman ishonchi bo‘lmagan ayollar kelgan edi. Hozir hammasi tamoman boshqacha. Yashashga, o‘sishga xohish paydo bo‘lgan ularda», — deydi «Sabr» ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi direktori Mavludaxon Shirinova.


Mavludaxon Shirinova (chapda), Buyuk Britaniya elchisi Tim Torlot va Muborak Muxrimova (o‘ngda). Foto: Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.

Sabr Respublika markazi 25 yildan buyon faoliyat yuritib keladi. So‘nggi besh yilda faoliyatining asosiy yo‘nalishi sifatida kam ta’minlangan ayollarni kasbiy ko‘nikmalarga o‘qitishni tanlagan.

Shu bois, Toshkent Gullari gullar salonlari tarmog‘i art direktori va floristika maktabi asoschisi Muborak Muxrimova Mavludaxon Shirinovaga kasb-hunar o‘rganishga, o‘qishga imkoni bo‘lmagan ayollar uchun floristika bo‘yicha bepul kursni tashkil etish taklifini berganida, bu rejani darhol amalga oshirishga kelishilgan. Tashabbusni Buyuk Britaniya elchixonasi qo‘llab-quvvatlagan.

Intensiv o‘quv kurslari dasturi Muborak Muhrimova tomonidan ishlab chiqilgan.

«Kurslarda dastur asosini tashkil etuvchi bazaviy bilimlarni egallab, qo‘rqmasdan gullar saloniga florist yordamchisi sifatida ishga borish mumkin», — deydi Muborak Muxrimova.

Guldastalar va gullardan kompozitsiyalar yasashdan tashqari, xotin-qizlarni sovg‘alar tayyorlash va sarpo uchun mo‘ljallangan an’anaviy savatlarni bezatishni ham o‘rganganlar. Muborak Muxrimovaning so‘zlariga ko‘ra, bu xizmatga bozorda talab katta, shunday ekan, bu ba’zi sabablarga ko‘ra faqat uydan ishlay oladigan ayollar uchun daromad manbaiga aylanishi mumkin.

Ayollar shuningdek, xonaki gullarni parvarishlar bo‘yicha ham bazaviy bilimlarga ega bo‘lishgan.

«Ko‘pincha tashkilotlar ofis uchun o‘simliklarni xarid qilishadi, biroq ularni parvarishlaydigan odam topilmaydi. Shu bois, bu ham eng talabgir xizmatlardan biri sanaladi. Tuproq, gullar bilan ishlashni yaxshi ko‘radiganlar o‘ziga ish topa oladi, hatto shaxsiy tadbirkorlikni ham yo‘lga qo‘yishlari mumkin — bu istiqbolli yo‘nalishlardan biri», — deydi Muborak Muxrimova.


Foto: Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.

Kursda qatnashadigan xotin-qizlarni topish bilan Mavludaxon Shirinova shug‘ullangan. U Toshkent viloyatida ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar bilan ishlaydigan Nihol NNTga hamda viloyat hokimiyatiga murojaat qilgan.

Birgalikda 12 ayoldan iborat guruhni shakllantirishgan. Ularning ayrimlari bunga qadar ham uyda sovg‘alarni tayyorlash bilan shug‘ullanishgan bo‘lsa, oralarida yana birlari bozorlardagi gul do‘konlarida ishlab kelishgan. Ammo ularni hammasini yangi bilim olishga, professionallik jihatdan o‘sishga imkon yo‘qligi birlashtirib turardi.

«Tajribamizdan chiqib aytishim mumkin, aksariyat ayollar oddiy transport xarajatiga pul topa olmagani sababli, shaharga o‘qishga kelmaydi», — deydi Mavludaxon Shirinova.


Foto: Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.

Tashqiliy masalalar, jumladan, yo‘l sarf-xarajatlari, oziq-ovqat masalasi yechimini Buyuk Britaniya elchixonasi o‘z zimmasiga olgan.

Sertifikatni topshirish marosimida Buyuk Britaniya elchisi Tim Torlot shunday dedi: «Biz ayollarga yangi karera va hatto o‘z biznesini barpo etishga imkon beradigan g‘oyani amaliy instrumentlar bilan ta’minlash tashabbusini qo‘llab-quvvatlashdan chetda qololmasdik».

Elchi o‘z so‘zida barchaga ma’lum afsuslanarli bir faktga e’tibor qaratdi: ayollar soni qaror qabul qilish darajasida siyosatda, ilmda kam namoyon bo‘lmoqda. Ayollar daromadi aksariyat holatda erkaklar daromadidan kam, ayollar uchun sifatli ish joylari ham cheklangan.

«O‘zbekiston bu muammo ustida ishlamoqda. 2019 yilning sentabrida mamlakat gender tenglik to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Yaqinda O‘zbekiston BMTning inson huquqlari bo‘yicha kengashiga qo‘shildi va ayollarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha global hamkorlikni rivojlantiradi. Buyuk Britaniya bu mavzuni targ‘ib qilishda yordam berishga tayyor», — dedi Tim Torlot.

Elchi hozircha ishlar oliy siyosiy darajada olib borilayotgani, hamjamiyatlar darajasida ham harakat qilish muhimligini qayd etdi.

«Biz vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartiradigan va yangi imkoniyatlarni yaratadigan tashabbuslarni bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Pirovardida, har biri alohida insonga, o‘z oldiga yangi maqsadlarni qo‘ygan ayolga borib taqalmoqda» , — dedi Tim Torlot.

Sabr Respublika markazi kurs yakunidan keyin tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan xotin-qizlarga mikromoliya dasturini amalga oshirish doirasida yordam berishga tayyorligini bildirdi.