Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen 27 fevral kuni Euronews efirida Yevropa ittifoqi davlatlari Ukrainani Yevropa oilasida ko‘rishni istaydi, deya bayonot berdi.

«Biz hamisha urushga qarshi bo‘lganmiz. Ukraina hech qachon bu urushni xohlamagan. Urushni prezident Putin boshlagan va olib bormoqda, shu bois biz moliyaviy va iqtisodiy sohalarda qat’iy sanksiyalar bilan javob qaytarmoqdamiz», — dedi u.

Yevrokomissiya rahbari shuningdek, sanksiyalarning uchinchi paketini taklif etganini aytdi. Bu Rossiyaning ayrim banklarini SWIFT tizimidan uzib qo‘yishni, Rossiya Markaziy banki aktivlarini muzlatib qo‘yishni nazarda tutadigan moliyaviy sanksiyalardir. Sanksiyalar jismoniy shaxslarga ham ta’sir ko‘rsatadi. YeI shuningdek, Rossiyaning barcha samolyotlari uchun o‘z osmonini yopdi. Ursula fon der Lyayen o‘xshash sanksiyalar Belarusga nisbatan qo‘llanilishini ham ma’lum qildi.

«Har bir urushning to‘lovi bor, biz buni bilamiz, ammo Ukraina bilan birdamligimiz ulkan, — dedi o‘z bayonotida Yevrokomissiya rahbari, Ukraina bilan birdamlikning yevropaliklar uchun bahosi haqidagi savolga javob berar ekan. — Bu mamlakatda qadriyatlarimizni tushunishadi, u yerda bizning tamoyillarimizni himoya qilishadi. Ukrainaliklar tinch demokratiyada yashashni istaydi, Rossiya esa unga bosqin uyushtirmoqda. Shu uchun Ukraina bizning to‘liq birdamligimizga loyiq, va u bunga guvoh bo‘ladi».

Ukraina Yevropa ittifoqiga a’zolikka nomzod bo‘lishi kerakmi, degan savolga Ursula fon der Lyayen Ukraina o‘z bozorini YeI yagona bozoriga integratsiya qilishda ishtirok etayotgani, ittifoq bilan energetika sohasida yaqindan hamkorlik qilib kelishi haqida eslatib o‘tdi.

«Vaqt o‘tib, Ukraina YeIga a’zo bo‘lishi kerak, bu mamlakat — bizlarning bittamiz, biz uni Yevropa oilasida ko‘rishni istaymiz», — dedi Yevropa komissiyasi rahbari.

Ursula fon der Lyayen hozirgi «barcha demokratik davlatlarning misli ko‘rilmagan hamkorligi va birdamligiga» urg‘u berdi.

«Amerikalik do‘stlarimiz, Buyuk Britaniya, Kanada biz bilan birga. Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa ko‘plab mamlakatlar bizga qo‘shildi. Avstraliya ham shu guruhda, bu esa: bizlar birgalikda Yevropada demokratiya himoyasiga turganimizni anglatadi. Biz qoidalarga asoslangan tinch tartibotni himoya qilishimiz muhim. Yevropa ittifoqi Yevropa zaminida qadriyatlarimiz oyoqosti qilinishiga toqat qilmaydi, deya aniq aytishimiz kerak».

O‘z chiqishi yakunida Yevrokomissiya rahbari Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qachonlardir ishona olishi haqidagi savolga javob bergan. «Vladimir Putinga bo‘lgan ishonchga keladigan bo‘lsak, u to‘laligicha yo‘qotildi», — deb aytgan Ursula fon der Lyayen.

Germaniya kansleri: «Rus xalqi emas, aynan Putin urushni tanladi»

Yakshanba, 27 fevral kuni, Germaniya parlamenti — Bundestagning shoshilinch yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Germaniya kansleri o‘z nutqida Ukrainaga bosqin uchun butun boshli rus xalqi emas, aynan Putin javobgar ekanligini ta’kidlab, Ukrainaga qurol bilan yordam berishini ma’lum qildi. Kansler nutqining tarjimasi «Meduza» tomonidan e’lon qilindi.


Foto: DW / Bildehege

«2022 yilning 24 fevral kuni mintaqamiz tarixida davrlar o‘zgarishi sodir bo‘ldi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga bostirib kirib, sovuqqonlik bilan urush boshladi. Bu urushning birgina sababi bor: ukrain xalqining erkinligi Putin rejimi yashashini savol ostida qoldirmoqda. Bu insoniylikka zid. Bu xalqaro huquqqa zid. Buni hech nima bilan, hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi», — deb bayonot qildi Olaf Shols.

«Asosiy savol: kuch huquqni yenga oladimi, biz Putinga soat millarini ortga qaytarib, XIX asrga, derjavalar o‘rtasidagi kurashga qaytishiga imkon beramizmi — yoki Putinga o‘xshagan urush olovini yoquvchilarni to‘xtata olamizmi? Demak, o‘zimizga kuchni qaytarish talab etiladi», — degan Germaniya kansleri.

Uning fikricha, Ukrainaga bosqinni amalga oshirgan Vladimir Putinning maqsadi dunyo xaritasidan mustaqil davlatni yo‘q qilishdangia iborat emas, u qariyb yarim asr — Xelsinki bitimi imzolangandan buyon mavjud bo‘lgan Yevropa xavfsizlik tizimini yo‘q qilmoqchi. «U o‘zini xalqaro hamjamiyatdan chiqarib yubormoqda», — deydi Olaf Shols.

«Prezident Putin muntazam xavfsizlik bo‘linmasligi haqida gapiradi. Aslida esa u qurol kuchi bilan mintaqani barcha uchun yaxshi tanish bo‘lgan ta’sir sohalariga bo‘lib tashlamoqchi. Bu Yevropa xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. To‘g‘ri, Rossiyaga tahdid qilish orqali Yevropada uzoq muddatli xavfsizlikka erishib bo‘lmaydi. Lekin aynan Putin Yevropa xavfsizligiga tahdid solmoqda — buni va nihoyat aniq aytish kerak», — dedi kansler.

U mamlakat oldida beshta masala turganini aytdi.

«Birinchidan, biz ushbu umidsiz vaziyatda Ukrainani qo‘llab-quvatlashimiz kerak. […] Prezident Putin, Ukrainaga bosqin uyushtirib, payshanba kuni yangi reallikni yaratdi. Bu yangi reallik aniq munosabatni talab qiladi. Xabaringiz bor, kecha biz Germaniya Ukrainaga mamlakatni himoyasi uchun qurol yetkazib berishi haqida qaror qabul qilgan edik. Putin tomonidan bo‘layotgan agressiyaga boshqacha javob bo‘lishi mumkin emas», — dedi Olaf Shols.

«Ikkinchi masala — Putinni agressiv kursdan voz kechishga majbur qilish. Urush — Ukraina uchun halokat. Ammo urush Rossiya uchun ham halokatga aylanadi», — deb bayonot qildi u.

Kansler Rossiyaga qarshi qabul qilingan sanksiyalar haqida eslatib o‘tdi: davlat banklari va korxonalariga qarshi sanksiyalar, yuqori texnologiyalar eksportiga taqiq, Rossiya rahbariyatining 98 vakiliga qarshi, jumladan, Vladimir Putinning o‘ziga qarshi sanksiya. U shuningdek, Rossiyaning ayrim banklari SWIFT tarmog‘idan uzilishini e’lon qildi.

«Xayollarga berilish kerak emas: Putin o‘zi tanlagan kursni ertaga o‘zgartirmaydi. Ammo Rossiya hukumati tez orada qanday yuqori bahoni to‘layotganini his etadi, — dedi Olaf Shols. — O‘tgan haftaning o‘zida Rossiya birja indekslari 30%ga quladi. Bu biz qo‘llayotgan sanksiyalar ish berayotganini anglatadi. Va biz ularni hech bir ichki cheklovlarsiz kiritishda davom etishga tayyormiz».

«Biz faqat bitta narsani o‘ylayapmiz: yuz bergan voqea uchun javobgar bo‘lganlarga yana qanday tarzda og‘irroq zarba berishimiz mumkinligi haqida. Shu kunlarda hamma gapirayotgan odamlarga nisbatan ya’ni. Ammo rus xalqi bundan mustasno!» — deya qayd etgan u.

«Axir urushni rus xalqi emas, aynan Putin tanladi. Shunday ekan, keling baralla ovozda: bu urush — Putinning urushi ekanini aytamiz. Bu farq shaxsan men uchun muhim, — deya ta’kidlagan Germaniya kansleri. — Chunki Ikkinchi jahon urushidan keyin ruslar va nemislar o‘rtasidagi yarashuv umumiy tariximizning muhim sahifasi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Rossiya yoki Ukrainada tug‘ilgan mamlakatimiz fuqarolari uchun bu holatga chidash qanchalik qiyinligini tushunaman. Shu bois, biz Putin va erkin dunyo o‘rtasidagi mojaro eski yaralarni yangilashi va o‘z ortidan yangi ayblovlarni olib kelishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz».

«Unutish mumkin bo‘lmagan yana bir qancha jihatlar bor: ko‘pgina Rossiya shaharlarida so‘nggi kunlarda fuqarolar Putin urushiga qarshi chiqishdi. Ularni hatto hibslar va jarimalar ham to‘xtata olmadi. Bu uchun ulkan jasorat va haqiqiy qat’iyat kerak!» — deya ta’kidladi Olaf Shols.

«Germaniya bugun ukrain xalqi himoyasiga turdi. Bizning barcha o‘ylarimiz bosqin qurbonlari bilan, biz ularga chuqur hamdardmiz. Shu bilan birga biz Rossiyada Putin rejimiga qarshi chiqayotgan va Ukraina bilan urushni rad etayotganlarning tarafidamiz. Bunday insonlar ko‘pligidan xabarimiz bor. Men ularga: taslim bo‘lmang, deyman! Aminmanki, erkinlik, bag‘rikenglik va inson huquqlari Rossiyada g‘alaba qozonadi», — deya xulosa qildi Germaniya kansleri.