Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida fuqarolarni Milliy gvardiya tizimiga ishga va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da berganlikda gumonlangan shaxslar qo‘lga olindi.

Mazkur holat Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Oltinko‘l tumani bo‘limlari o‘tkazgan tezkor tadbirda aniqlandi.

Fuqarolar Z.U., Sh. G. (muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan) va K.A.lar go‘yoki o‘zlarining Toshkent shahridagi tanishlari orqali fuqaro O.ni ishga joylashtirish va fuqaro I.ni esa o‘qishga kiritib qo‘yishiga ishontirgani aytilmoqda.

Buning evaziga 32 000 AQSh dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan, deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.