Uzauto Motors kompaniyasi 10,7 trln so‘mlik (MBning 22 fevraldagi kursiga ko‘ra, 993,5 mln AQSh dollari atrofida) yangi avtomobil sotib olganlik uchun yig‘im va utilizatsiya yig‘imi to‘lamagan bo‘lishi mumkin. Bu haqda iqtisodchi Otabek Bakirov yozdi. Deputat Rasul Kusherbayev ham bu borada axborot olishga harakat qilib ko‘rdi, biroq, unga yana shaxsan tanishish uchun «maxfiy» ma’lumot taqdim etishdi.

2020 yil 1 avgustdan boshlab O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan va import qilinadigan avtotransport vositalariga utilizatsiya yig‘imi joriy etilgandi. Otabek Bakirovning qayd etishicha, o‘tgan 1,5 yil davomida Hukumatning budjet bo‘yicha ochiq ma’lumotlarida ham, Soliq va Moliya organlarining axborotlarida ham utilizatsiya yig‘imi bo‘yicha undirilgan to‘lovlarning miqdorlari biron marta ochiqlangani yo‘q.


Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, Uzauto Motors 2020 yil avgust-dekabr oylari uchun qariyb 2,5 trln so‘m, 2021 yil uchun esa kamida 5,3 trln so‘m miqdorida utilizatsiya yig‘imi to‘lashi lozim edi. Bu faqat O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan (Spark, Nexia, Gentra va boshqa) avtomobillarga taalluqli. Uzauto Motors`ning chayqovchilik faoliyati — import qilib sotilayotgan (Malibu, Tracker, Traverse, Trailblazer, Equinox df Tahoe) avtomobillar bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan utilizatsiya yig‘imi bu hisobga kirmaydi.

Iqtisodchi bu haqda na Hukumat, na Moliya vazirligi, na Soliq qo‘mitasi axborotlarida ma’lumot yo‘qligi, vaholanki, hajmi bo‘yicha utilizatsiya yig‘imi hajmi bo‘yicha budjetga tushadigan beshinchi o‘rindagi to‘lov hisoblanishini ta’kidladi.

«Biror joyga bir so‘m o‘tkazib qo‘ysa, ayyuhannos soladigan Uzauto Motors’ning o‘zi ham jim. Falon trillion so‘m utilizatsiya yig‘imi to‘ladik, deb jar solishgan bo‘lardi, agar rosmana to‘lashganida. Qolaversa, 2021 yil prognozlarida monopolist to‘lagan soliqlarning jami budjet daromadlaridagi ulushi 1,5% atrofida yoki 2,5 trln so‘m bo‘lgan. 2021 yil uchun utilizatsiya yig‘imining o‘zi esa kamida 5,3 trln so‘m. Farqini sezayotgandirsiz.», — dedi Otabek Bakirov.

Uning fikricha, «joriy qilinayotgan turli soliq va yig‘imlar Uzauto Motors kabi hukumatning arzandalariga kelganida ishlamay turadi, boshqalarga nisbatan esa qo‘llaniladi». «Ya’ni shu holda ham Uzauto Motors uchun noqonuniy qulaylik, qolganlarga esa raqobatni sindiruvchi harakatlar ro‘y beradi», — dedi u.

2019 yil 1 oktabrdan boshlab mamlakatda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun 3 foizlik yig‘im avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan to‘lanishi belgilangandi. Mazkur to‘lov 2021 yilning 31 dekabriga qadar amalda bo‘lgan.

Hisob palatasi Uzauto Motors 2020 yilning yanvar-sentabr oylari davomida davlat budjetiga 582,6 mlrd so‘m yig‘imni to‘lamaganini va yig‘im to‘lashdan ozod etishni belgilovchi imtiyozni qayta ko‘rib chiqish kerakligini xabar qilgandi.

Deputatlar moliya vaziri Timur Ishmetov va bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga ayni shu savol bilan yuzlanishgandi, biroq ular yig‘imlar to‘langanligi haqida ma’lumotni taqdim etishmagandi.

Shunga qaramasdan 3 foiz miqdoridagi yig‘im avtomobil narxiga qo‘shib hisoblangan.

«Shuning uchun, ertaga mabodo Uzauto Motors avtomobillar narxini oshirish harakatlariga tushsa, O‘zbekiston jamoatchiligi, OAV va saylangan deputatlar monopolist oldiga qat’iy talab qo‘yishi kerak. Avval, 27 oy davomida budjetga o‘tkazilmagan 3%lik yig‘imlarni (kamida 3 trln.so‘m atrofida bo‘ladi) qurtday to‘lab qo‘yishi, keyin esa, utilizatsiya yig‘imi to‘lovlarini (7,8 trln.so‘m), agar to‘laganiga isbot keltira olishmasa, budjetga qaytarishlari zarur. Keyin qolganini muhokama qilish mumkin bo‘ladi», — dedi Otabek Bakirov.

«Maxfiy»

Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev 2021 yilning noyabrida Moliya, Soliq va Bojxona qo‘mitasiga nechta avtomobildan qancha utilizatsiya yig‘imi undirilgani, tushgan mablag‘lar kimga, qancha berilgani va undan qanchasi aynan ekologiyaga ishlatilgani haqida takroran rasman axborot so‘raganini ma’lum qildi.

Bojxona qo‘mitasining xabariga tayanib yozishicha, 2021 yil yanvar-oktabr oylarida 6848 ta transport vositalari uchun 524,7 mlrd so‘m utilizatsiya yig‘imi undirilgan. Biroq, Davlat soliq qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu muddat ichida 21159 ta yengil avtomobil olib kirilgan.

«Boshqa ma’lumot yo‘q. Biroq asosiy axborotni berishi kerak bo‘lgan Moliya vazirligi bu safar ham maxfiy javob yuboribdi. Tanishmadim. Xullas odamlarning oldindan to‘laydigan puli hisobiga yashaydigan kompaniyaning ekologik maqsad uchun joriy etilgan utilizatsiya yig‘imi to‘lashi masalasi hamon yopiqligicha qolmoqda», — deya qayd etd u.

Rasul Kusherbayev narxlarning oshishi haqidagi mish-mishlarga to‘xtalar ekan kompaniya 10,8 trln so‘mlik yig‘imlarni to‘lasagina adolatli bo‘lishini ta’kidladi.

DSQ izohi

«Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra, Davlat soliq qo‘mitasi beshta mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘lanadigan yig‘im miqdori haqida ma’lumot berdi, biroq unda faqat 2021 yil yundan boshlab, DSQ va DBQ yig‘im uchun mas’ul bo‘lgan davr ko‘rsatilgan.

2021 yilning iyun-dekabr oylarida kompaniyalar 2,14 trln so‘m, 2022 yilning yanvar-fevral oylarida esa — 1,8 trln so‘m, jami — 3,32 trln so‘m to‘lagan.

Qo‘mita kompaniyalar kesimida ma’lumotlarni taqdim etishdan bosh tortdi.

«Gazeta.uz» manbasiga ko‘ra, ushbu sohada eng ko‘p to‘lovni Uzauto Motors amalga oshirgan — 1,95 trln so‘m (90%) va 1,13 trln so‘m (96,4%), jami — 3,08 trln so‘m. Ro‘yxatdan shuningdek, Samarqand avtomobil zavodi (Samauto), Uz Truck and Bus Motors, Uzauto Trailer va Krantas o‘rin olgan.

Kompaniya nomi
Umumiy yig‘im summasi
Shundan:
2021 yil iyun-dekabr
2022 yil
yanvar-fevral


3 324 339 575 000
2 144 403 625 000
1 179 935 950 000
Uzauto Motors
3 089 493 300 000
1 951 070 700 000
1 138 422 600 000
Samauto
151 038 300 000

117 680 850 000
33 357 450 000
Uz Truck and Bus Motors
48 271 275 000
48 121 275 000
150 000 000
Uzauto Trailer
32 610 800 000
25 110 800 000
7 500 000 000
Krantas
2 925 900 000
2 420 000 000
505 900 000

«Gazeta.uz» Moliya vazirligi va Uzauto Motors izoh ololmadi.

Boshqa imtiyozlar

Har yili Uzauto Motors eksport qilgan avtomashinalar uchun utilizatsiya yig‘imi davlat budjetidan qoplab beriladi. Ya’ni, aslida qozoqlar, ruslar, ukrainlardan undirilishi lozim bo‘lgan utilizatsiya yig‘imi siz-u, biz to‘lagan soliqlar hisobidan qoplab beriladi. Bu yil shu maqsadlar uchun 100 milliard so‘m ajratish mo‘ljallangan.

budjetnomaga muvofiq, 2021 yilda avtomobillarni eksport qilishda utilizatsiya harajatlarini qoplash uchun davlat budjetidan 100 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilgandi. Uzauto Motors avtomobillari eksportining 90 foizdan ko‘prog‘i Qozog‘istonga (qolgan qismi — Rossiya, Ukraina va boshqa davlatlarga) to‘g‘ri keladi. Ya’ni, aslida qozoqlar, ruslar, ukrainlardan undirilishi lozim bo‘lgan utilizatsiya yig‘imi siz-u, biz to‘lagan soliqlar hisobidan qoplab beriladi, deya ta’kidladi Otabek Bakirov.

Ushbu maqsadlar uchun 2022 yilda ham 100 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.

Avvalroq, «Gazeta.uz» UzAuto Motors, «Jizzax avtomobil zavodi», ADM Jizzakh, Roodell va boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilar 2021 yilning birinchi yarmida jami 2,57 trln so‘mlik (240,9 mln dollar) bojxona bojlari, QQS va aksiz soliqlarini to‘lashdan ozod qilingani haqida yozgandi. Imtiyozlarning eng ko‘p qismi Uzauto Motors ulushiga — 1,9 trln so‘m ($177,6 mln), shu jumladan bojxona to‘lovlari — 1,64 trln so‘m, QQS — 255,6 mlrd so‘m va aksiz solig‘i — 356,7 mln so‘m to‘g‘ri kelmoqda.