2021 yilda xalq ta’limi muassasalarida 91,1 mlrd so‘mlik moliyaviy xato-kamchilikka yo‘l qo‘yilgani, shundan 27,1 mlrd so‘m noqonuniy tarzda o‘zlashtirilgani aniqlandi. Bu haqda AOKAda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2021 yil yakunlariga bo‘yicha berilgan hisobotida ma’lum qilindi.

Afsuski, moliyaviy xato va kamchiliklarni oldini olish bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, vazirlikning Ichki audit xizmati tomonidan moliyaviy xato-kamchiliklar va mablag‘lar o‘zlashtirilganligi aniqlandi, deyiladi xabarda.

Misol uchun, Hisob palatasi boshchiligida o‘tgan yili Andijon viloyati Andijon shahrida o‘tkazilgan tekshirishda xodimlarning daromad solig‘ini Davlat budjetiga tushum qilinmasdan, tizimda ishlamaydigan begona shaxslarning plastik kartalariga o‘tkazish orqali 11,5 mlrd so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgan.

2020-yilda vazirlik tomonidan Andijon shahrida 28,4 mlrd so‘m mablag‘ naqd pul mablag‘larini kassaga kirim qilmasdan va ishlamaydigan xodimlarga to‘lash orqali o‘zlashtirilganligi aniqlanib, huquq-tartibot organlariga taqdim etilgandi.

Tarkibida jinoyat alomatlari bo‘lgan 161 ta 76 mlrd so‘mlik o‘rganish materiallari huquqiy baho berish va qonuniy choralar ko‘rish maqsadida huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yilning hisobot ko‘rsatkichlariga nisbatan jami qonunbuzilish holatlari 228,3 mlrd so‘mga — 1,5 baravarga, kamomad va o‘zlashtirish holatlari 70,7 mlrd so‘mga — 2,6 baravarga kamaygan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilnig fevral oyi boshida Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi rahbarlari 2018−2020 yillar mobaynida 57 mlrd so‘m miqdoridagi moliyaviy qonunbuzarliklar, kamomad va o‘zlashtirishda gumon qilinib, ushlangandi. Prokuratura mazkur ishni o‘rganmoqda.

2021 yilning aprelida Andijonda yaqin tanishlarini attestatsiyadan o‘tkazish, uch kishini maktab direktori va o‘rinbosari lavozimlariga tayinlash masalasini ijobiy hal qilishi evaziga 8400 dollarni olgan shaxs ushlandi. U pulning 900 dollarini Andijon shahar XTB boshlig‘iga olib borishi kerakligini aytgan. Tezkor tadbir davomida XTB rahbari ham 900 dollar bilan qo‘lga tushgan.