Payshanba kuni oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abuqodir Toshqulov qoraqalpog‘istonlik talabalar bilan uchrashuvda o‘zining o‘qish yillaridagi voqealarni yodga oldi.

Vazir oddiy oilada tug‘ilib o‘sgani, vaqtida qora ish qilishga ham majbur bo‘lganini aytdi.

«1993 yilda o‘qishga topshirish hozirgiday ham emasdi. Hujjat topshirayotgan vaqtingizga hozir sizlarning ko‘pchiligingiz onlayn topshirdingiz. Surxondaryoning Termiz davlat universitetida o‘qiganman. Uyoqda Qoraqalpog‘istondagidek havo issiq. Iyul oyida +50 [gradusdan] yuqori bo‘ladi. Men esa tog‘li tuman, salqin joyda tug‘ilganman. Kelib bir hafta hujjat topshira olmaganman. 1 hafta navbatda turganman», — dedi u.

Shuningdek, u o‘sha vaqtlarda shahar hamda qishloq bolalarini ajratish, mahalliychilik holatlari juda ko‘p uchraganini ta’kidladi.

«U payt «shaharning bolasi», «qishloqning bolasi» degan ajratish ham juda avjida edi. Shaharning bolasi kelib, surib, boshqa qilib topshirib ketardi. Qishloqning bolasi esa o‘sha [turgan] yerida, quyoshning tagida qolardi. Eng achinarlisi, «skorosshivatel»ning ichida pul qo‘shib berganlar hujjatini topshirib ketardi. Shu pul menda yo‘q edi. Qo‘limdan hech kim yetaklab kelmagan. Tanish-bilishi bor hujjatini shunday topshirardi. Tanishi yo‘q esa kontrakt blankasini olmasdan hujjat ham topshirmas edi», — dedi Abduqodir Toshqulov.

«Kontrakt blanka tarqatishning ball bilan aloqasi yo‘q edi. Hujjat topshirayotganda kim shartnoma olib hujjat topshirsa, u necha ball olishidan qat’iy nazar shartnoma bilan o‘qir edi. Tanish-bilish qilib, „xola-xola“ qilib hujjat topshirgan necha ball olishidan qat’iy nazar chiziqdan tepada bo‘lsa, grantda [budjet hisobidan] o‘qir edi», — deya so‘zlab berdi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda 93 ball olganlar grantda o‘qigan. Vazir esa 117 ball bilan to‘lov shartnoma asosida ta’lim olgan.

Toshqulov o‘sha vaqtda uning oilasida ham sharoit yaxshi bo‘lmagani, onasi tillalarini sotib uning birinchi yillik kontraktini to‘lab bergani va shu yili u hamma fanini «5 ga yopganini» aytdi.

Vazir o‘qituvchisi bilan bog‘liq bir sirni ochiqladi: «Bir fan o‘qituvchisi, hech baho qo‘ymay, «4 qo‘yib beraman», dedi. U ham o‘sha vaqtdagi tizim — hamma baho 5 bo‘lsa, «kontrakt» «grant»ga aylanishini bilardi. Men shundan o‘tmasam, o‘qiy olmayman dedim. 1993 yil — mustaqillikka o‘tgan yil edi. Hech kimda pul yo‘q, [shartnoma pulini] qarindoshing ham to‘lab bermaydi. O‘sha vaqtda eslayman, kontrakt bitta videopleyerning narxidek — 250 ming so‘m edi… Hamma savoliga javob berayapman. 4 [baho] qo‘yaman deydi. Allaqachon, kimlardandir pulni terib olgan. Men esa bermaganman. Oxiri u — «uyimga 4 telejka somon» kelgan. Shuni tashib bersang, 5 baho qo‘yib beraman, dedi».

U otasi 17 yoshigacha ham somon tashittirmaganini eslab, bunga sabab uning allergiyasi borligini aytdi. Xattoki teleekran orqali kombayn bug‘doy o‘rayotganini ko‘rganda ham tushkirib qolganini aytdi. Shunga qaramasdan, yana bir kursdoshi bilan ustozining shartini bajarganini, buning oqibatida esa yotoqxonaga kelganida yuzlari ishib, bir hafta yotib qolganini yodga oldi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, voqeaning davomini undanda qiziq davom etgan. Yillar o‘tib, Abduqodir Toshqulov o‘zi tahsil olgan universitetga rektor bo‘lib borgan.

«Men o‘zim o‘qigan universitetga rektor bo‘lib bordim. O‘sha odam ishsiz ekan, men uni qaytadan ishga oldim. Haligi voqeani eslatmadim, u eslolmaydi ham. O‘shanda undan 2 ta narsani iltimos qildim. «O‘sha vaqtda oylik kam bo‘lgandir, siz pora olgan edingiz. Buni 100 foiz bilaman. Lekin, darsni yaxshi o‘tardingiz. Shu sababli birinchidan — pora olmang, ikkinchidan — talabani uyingizga olib borib, ishlatmang», — deya shart qo‘yganini tilga oldi.

Vazirning ta’kidlashicha, hozirda professorlarning oyligi oshmoqda. Chet elda bitta professorlik uchun maosh to‘lanmaydi, loyihasi uchun haq to‘lanadi. U professorlar izlanishlardan tinmasligi lozimligini aytdi.

Avvalroq, vazir talabalar 2-kursdan ishlashi mumkinligini ma’lum qilgani haqida yozgandik.