RFning Ukrainaga amalga oshirgan harbiy operatsiyasi oqibatida urushning birinchi kunida rossiyalik biznesmenlar 39 mlrd dollar yo‘qotdi, deb xabar bermoqda Bloomberg.

Bir kunda eng ko‘p mablag‘ yo‘qotgan biznesmenlar ro‘yxatida yetakchilikni «Lukoyl» prezidenti Vagit Alekperov egallagan — 6,2 mlrd dollar yo‘qotgan (u ega boyliklar 13 mlrd dollargacha pasaygan).

«Severstal» direktorlar kengashi rahbari Aleksey Mordashov 4,2 mlrd dollar yo‘qotgan (uning boyligi 23 mlrd dollargacha pasaygan).

«Nornikel» prezidenti va ayni vaqtda Rossiyaning eng boy biznesmeni Vladimir Potanin 3 mlrd dollar yo‘qotgan (uning boyligi 26,1 mlrd dollargacha pasaygan).

Eng ko‘p mablag‘ yo‘qotgan rossiyalik milliarderlar beshligini Alisher Usmonov yakunlagan. Milliarderning boyliklari 1,2 mlrd dollarga kamaygan (uning boyligi 20,3 mlrd dollargacha pasaygan).

Bundan tashqari, kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Iskandar Mahmudov ham 0,9 mlrd dollar yo‘qotganligi aytilgan.

Urushning birinchi kunidagi yo‘qotishlar Rossiyaning barcha boylari uchun eng katta yo‘qotish bo‘ldi, deya ta’kidlangan nashrda.

Xabarga ko‘ra, Rossiyaning bazaviy hisoblangan MOEX Russia indeksi Moskvada 33% pastlash bilan yopilgan va bu Moskva fondi tarixida mahalliy valyutada beshinchi eng yomon pastlash bo‘lgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24 fevral kuni ertalab millatga telemurojaatida Donbass hududida «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qilgan edi va RF rahbarining murojaati tugashi bilanoq, Kiyev, Xarkov, Mariupol, Odessa va Ukrainaning boshqa shaharlarida portlashlar boshlangandi.

Shundan so‘ng dunyo hamjamiyati RFning Ukrainaga bosqinini qattiq qoralab, Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi.