22 fevral kuni Navoiy viloyati Konimex tumani Karakata ovuli hududidagi foydalanishdan to‘xtatilgan Lolazor eski tilla konlarida 50 dan noqonuniy tarzda oltin qazib olayotganida ushlandi.

Viloyat IIBning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, holat viloyatning Milliy Gvardiya va FVB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlandi.

Ta’kidlanishicha, Navoiy viloyatining Xatirchi, Navbahor, Samarqand viloyatining Narpay va Paxtachi tumanlarida, Buxoro viloyatining Shofirkon va Vobkent tumanlaridan kelgan 7 ta guruh tarkibida jami 54 nafar fuqaro bo‘lgan.

Tezkor tadbir davomida ulardan 4 dona dvijok, 7 dona perforator, 2 ta «Ford» rusumli transport vositasi, 2 tonna og‘irlikdagi tarkibida oltin zarralari bo‘lgan tosh-qumlar, shuningdek, qumlarni solishga mo‘ljallagan qoplar, arqonlar, elektr kabellari, dizel va benzin yoqilg‘ilari, ketmon va belkuraklar, qo‘lbola usulda tayyorlangan tosh maydaluvchi qurilmalar hujjatlashtirilib olingan.

«Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida 54 nafar fuqarolarning shaxslariga aniqlik kiritilib, tushuntirish xatlari hamda barmoq izlaridan na’munalar olindi. Daliliy ashyo sifatida olingan 2 tonna tarkibida oltin zarralari bo‘lgan qumlarni tarkibida qancha miqdorda oltin borligini aniqlash maqsadida Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga tegishli labaratoriyaga topshirildi», — deyiladi xabarda.

Hozirda tergovga qadar tekshirish harakatlari olib bormoqda.

Eslatib o‘tamid, 2021 yilning noyabrida ayni shu hududda tilla qumlarini kavlab olish vaqtida 4 nafar fuqaro qum bosib qolishi oqibatida halok bo‘lgandi.

Avval ham Navoiy viloyatida noqonuniy tilla qumlarini qazib olish bilan shug‘ullangan 4 kishi «elektrodvijok»dan chiqqan yoqilg‘i tutunidan zaharlanib, vafot etgan. Yana uch nafar fuqaro shifoxonaga yotqizilgandi.