Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbass hududida «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda 24 fevral kuni ertalab millatga telemurojaatida ma’lum qildi.

«Voqealar rivoji va ma’lumotlar tahlili RF va Ukrainadagi millatchi kuchlar o‘rtasidagi to‘qnashuvining oldini olib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda, bu faqat vaqt masalasi», — dedi u urush boshlanganini e’lon qila turib.

Putinning ta’kidlashicha, Rossiya rejalariga Ukraina hududlarini okkupatsiya qilish kirmaydi va u ukrain harbiylarini «qurollarni tashlash va uyga ketishga» chaqirdi. Shuningdek, u Rossiya Ukrainani «delimitarizatsiya va denatsifikatsiya» qilishga intilishini qo‘shimcha qildi.

Putinning murojaati tugashi bilanoq, Kiyev, Xarkov, Mariupol, Odessa va Ukrainaning boshqa shaharlarida portlashlar boshlandi, deya xabar berdi UNIAN axborot agentligi. Donbassdagi separatistlar tomonidan ham otishmalar boshlandi.

Oldinroq o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari Vladimir Putinga Ukraina qurolli kuchlarining agressiyasiga javob qaytarishda yordam berish uchun murojaat qilgan edi. 21 fevral kuni Rossiya prezidenti DNR va LNR mustaqilligini tan oldi.

24 fevral kuni kechasi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy rossiyaliklarga murojaat bilan chiqdi. U RF prezidenti bilan muloqot qilish bo‘yicha tashabbus bilan chiqqanini, lekin javob olmaganini ma’lum qildi. «Sizlarga bu olov Ukraina xalqiga ozodlik olib keladi deyishyapti. Lekin ukrain xalqi ozod. O‘tmish uning yodida va kelajagini o‘zi qurmoqda. Quryapti, sizlarga televizorda har kuni aytishayotgandek, barbod qilayotgani yo‘q».

Shuningdek, Zelenskiy «Sizlarning yangiliklaringizdagi Ukraina va real hayotdagi Ukraina — bu ikkita mutlaq boshqa-boshqa davlatlar» ekanligini ta’kidlab, Ukrainaning asosiy maqsadi o‘z fuqarolarining tinchligini ta’minlash va ularni himoya qilish ekanligini qayd etdi.