Ukraina Oliy Radasi (parlamenti) mamlakatda harbiy holat joriy etishga ovoz berdi, deya xabar qildi UNIAN. Ayni paytda poytaxt Kiyev va boshqa shaharlardagi bombapanohlar ochilgan.

Sal avval Ukraina prezidenti Ukraina hukumati butun mamlakat hududi bo‘ylab harbiy holat e’lon qilayotgani haqida bayonot bilan chiqqan edi.

«Biz mamlakat hududida harbiy holat joriy etyapmiz», — deb aytgan edi Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida.

Rossiya zarbasi

Zelenskiyning bayonotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari mamlakatdagi harbiy infratuzilmalarga zarba bergan.

«Rossiya infratuzilmalarimiz, chegarachilarimiz va chegaradagi otryadlarimiz bo‘ylab zarbalar berdi. Ukraina bo‘ylab ko‘plab shaharlarda portlashlar ovozi eshitildi», — dedi Vladimir Zelenskiy.

Zelenskiy mamlakat hududi bo‘ylab harbiy holat joriy etilayotganini e’lon qilib, barcha ukrainaliklarni hotirjamlikni saqlashga va uyda qolishga chaqirgan.

Ukraina Oliy Radasi mamlakatda harbiy holat e’lon qilishga ovoz berdi. Ayni paytda Kiyev va boshqa shaharlarda bombapanohlar ochilgan.

Kiyev metrosiga kirish bepul bo‘ldi. Endilikda u bombapanoh sifatida ham xizmat qiladi.

Bayden va Zelenskiy muloqoti

Ushbu voqealar fonida AQSh prezidenti Jo Bayden Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi.

«Prezident Zelenskiy bugun kechqurun menga murojaat qildi va biz hozirgina gaplashdik. Men Rossiya harbiy kuchlarining bu asossiz va asossiz hujumini qoraladim», — deya ma’lum qildi u.

AQSh prezidenti ertaga G7 yetakchilari bilan uchrashishi, unda AQSh hamda uning ittifoqchilariz va hamkorlari Rossiyaga nisbatan qattiq sanksiyalarni joriy qilishini bildirdi.

«Biz Ukraina va ukrain xalqiga qo‘llab-quvvatlash va yordam berishda davom etamiz», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qildi, biroq Ukrainaning Kiyev, Xarkov va boshqa shaharlarida ham portlashlar boshlandi.

Ayni paytda Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina qurolli kuchlari aviabazalari harbiy infratuzilmalari to‘liq ishdan chiqarilgani haqida ma’lum qilmoqda. Ukraina tomoni hammasi stabil holatda ekanligi, barcha qo‘shinlar o‘z joyida xizmatni davom ettirayotganini bildirgan.