Bobosi bilan eskalatordan qulab tushgan navoiylik 3 yoshli bolaning ahvoli yaxshilanib bormoqda, deya xabar berdi SSV matbuot xizmati.

«Gazeta.uz» 18 fevral kuni Navoiydagi «Yangi hayot» savdo majmuasida 52 yoshli fuqaro 3 yoshli nabirasi bilan 5 va 4 qavat oralig‘idagi eskalatorda muvozanatni yo‘qotib, 1 qavatga tushib ketdi. Erkak voqea joyida vafot etdi, bolakay esa shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar bergandi.

SSVning ma’lumotiga ko‘ra, 23 fevral holatiga bolakayning umumiy holati dinamikada yaxshilanib bormoqda. Ayni paytda viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazining tajribali shifokorlari tomonidan standart bo‘yicha muolajalar davom ettirilyapti.

«Bolaning ahvoli Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari tomonidan kunlik nazorat qilib borilmoqda. Bemor yaqin kunlarda reanimatsiyadan bolalar bo‘limiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan», — deyiladi xabarda.

Avvalroq, Navoiy viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i «Gazeta.uz»ga hodisa oqibatida bolada og‘ir qo‘shma jarohat, xususan bosh miya yopiq jarohati, uning lat yeyishi, chanoq suyaklarining o‘ng tomonlama sinishi bilan tashhis qo‘yilganini aytgandi.

Shuningdek, unda peshona sohasi teri osti gemotomasi hamda posttravmatik shokning og‘ir darajasi qayd etilgan. Reanimatsiya bo‘limi boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, bolaning ahvoli og‘ir, es-hushi karaxtlashgani, 19 fevral MRT va boshqa barcha tekshiruvlar o‘tkazilganini ma’lum qilib, standartlar bo‘yicha barcha muolajalar olib borilayotganini aytgandi.