«Gazeta.uz» tahririyatining prezidentga murojaati yo‘llangan «Navoiy ko‘chasini ham shossega aylantirishga qaror qilindi» sarlavhali maqolaga internetda faol tarzda javob qaytarildi. Maqola boshqa qator saytlar tomonidan qayta nashr etildi va ko‘plab blogerlar tomonidan keng tarqatildi.

Izoh qoldirganlarning aksariyati tahririyatning poytaxtning asosiy ko‘chalaridan birini avtomobillar sonini orttiradigan va haydovchilar uchun qulaylik yaratishga urg‘u bergan holda rekonstruksiya qilmaslik lozimligi to‘g‘risidagi fikrlarini ma’qulladi. Bir vaqtlar tramvaylar qatnovi mavjud bo‘lgan va butun shahar bo‘ylab o‘tuvchi mazkur ko‘cha uchun (boshqa barcha ko‘chalarda ham bo‘lgani kabi) ham piyodalar, ham velosipedchilar qulay harakat qilishi va foydalanishini nazarda tutadigan, shaxsiy transport vositalarining jozibadorligini kamaytirishga imkon beruvchi jamoat transportidan foydalanish uchun qulaylik yaratishni hisobga oladigan puxta o‘ylangan konsepsiya zarur.

Ertasiga, 16 fevral kuni Toshkent shahar hokimligi tomonidan loyiha mualliflari, Transport vazirligi va Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati vakillari hamda ko‘cha kesib o‘tadigan mahallalar oqsoqollari ishtirokida matbuot anjumani (video) chaqirildi. Bir kun oldin taqdim etilgan va bir qator savollarni tug‘dirgan loyiha yangilangan edi — endi unda avtobuslar uchun ajratilgan alohida liniya paydo bo‘lgandi. Ko‘chaga tramvay qatnovini qaytarish taklif qilinmayapti. «Gazeta.uz» tomonlar nima haqida so‘z yuritgani va hokimlik shahar aholisining da’volarini eshitgan yoki eshitmagani xususida hikoya qiladi.

Tadbirni Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov olib bordi. U jurnalistlardan o‘zlarini tanishtirishlarini va Navoiy ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasi yuzasidan e’tirozlarining mazmunini bayon etishlarini so‘radi.

«Gazeta.uz» bosh muharriri Azamat Atajanov taklif etilayotgan loyihaning muammoli jihatlariga qisqacha to‘xtaldi: piyodalar o‘tish joylari sonining qisqarishi, odatdagi chorrahadan kechikuvchi qayrilishlar foydasiga voz kechish, chorrahada tartibga solinmagan o‘tish joyi paydo bo‘lishi va boshqalar.


Azamat Atajanov.

U, shuningdek, Ahmad Donish va Farg‘ona yo‘li ko‘chalarining muvaffaqiyatsiz chiqqan rekonstruksiya loyihalarini misol keltirdi, sababi bu ko‘chalar rekonstruksiya qilinganidan keyin piyodalar uchun ham, haydovchilar uchun ham yanada agressiv va xavfli bo‘lib qolgan. Hozirda bu ko‘chalar faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri harakatlanish uchun qulay hisoblanadi. Bunday shosselar, xuddi yirik o‘tkazgichlar kabi, shaharni bo‘lib tashlaydi va avtomobillarga talabni kuchaytiradi. Shahar bo‘ylab qurishda davom etilayotgan yer usti piyodalar o‘tish joylari (ko‘priklar) piyodalar uchun ko‘chalarni yanada noqulay qilib qo‘ymoqda, zero ular orasida imkoniyati cheklangan fuqarolar ham oz emas.

Yuz berayotgan hodisalar va shahar hokimiyatining ochiqlangan kelgusi rejalari O‘zbekiston prezidentining shahar, birinchi navbatda, piyodalar uchun qulay bo‘lishi lozim, degan gaplariga zid kelmoqda. Bu yaqinda prezident tomonidan imzolangan poytaxtda jamoat transportini rivojlantirish konsepsiyasida ham ko‘zda tutilgan edi. Prezident topshirig‘iga binoan, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida velosipedlar harakatiga mo‘ljallangan yo‘laklar bilan birlashtirilgan holda yangi piyodalar yo‘laklari qurilmoqda, biroq bu puxta o‘ylanmasdan qilinmoqda — ustuvorlik baribir avtomobillarga berilgan.

Jamoat transporti xususida ko‘plab maqola va intervyular muallifi, «Gazeta.uz» jurnalisti Sabina Bakayeva hokimga murojaat sifatida tayyorlab kelingan nutqi bilan chiqish qildi. Anjumanda hokim ishtirok etmaganligi sababli u hokimiyat vakillariga murojaat qildi.


Sabina Bakayeva. Foto: Toshkent shahar hokimligi.

Jurnalist poytaxt hokimi Toshkentning hayot kechirish uchun ajoyib shaharga aylanishini istashiga ishonch bildirdi. Bundan to‘rt yil oldin shahar hokimiyati va hukumat ushbu vazifani Turkiyaning Kalyon kompaniyasiga ishonib topshirgan edi. Biroq endilikda loyiha bilan ushbu kompaniya shug‘ullanmayapti. Kompaniya loyiha doirasida rejalashtirilgan vazifalardan ko‘pchiligini bajarmadi, amalga oshirilganlari esa qator savollar tug‘dirmoqda.

«„Farg‘ona yo‘li“ yoki „Ahmad Donish“ bo‘ylab mashinada emas, piyoda yurib, yo‘lni kesib o‘tib ko‘ring», — deya murojaat qildi Sabina Bakayeva shahar hokimi va hokimlikning boshqa rahbarlariga va bu ko‘chalarni «shikastlangan» deb atadi.

Kalyon mutaxassislari shunchaki ma’lumotlarni kompyuter dasturiga yuklagan holda, ko‘chaning harakat o‘tkazuvchanlik imkoniyatini oshirish ssenariylari aks etgan videoroliklarni namoyish qilishgan. Navoiy ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasi bo‘yicha ham hokimlik tomonidan xuddi shunday «multfilm"lar taqdim etildi. Toshkent shahar hokimi qarori bilan 2022 yilda shahardagi 140 ta chorrahaning harakat o‘tkazuvchanligini oshirish yuzasidan topshiriq berilgan.

«Mutaxassislaringizning fikricha, shahar joylarda — yo‘llarda harakatlaniladi. Ammo aholi punktlarida biz ko‘chalar bo‘ylab harakatlanamiz — u yerda mashinalar uchun emas, odamlar uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy obyektlar joylashgan», — deya qayd etdi jurnalist.

Uning ta’kidlashicha, zamonaviy dunyoda, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan «Gazeta.uz» maqolasida aytilganidek, avtomobillar o‘tkazuvchanligiga emas, balki odam soniga ko‘ra yo‘lovchi tashish imkoniyatiga ustuvorlik beriladi: «Uchta yengil mashinada, haydovchilar bilan qo‘shib hisoblanganda, 4−5 nafar odam tashiladi. Bitta liniyada harakatlanganida bu uchta mashina 80 ta odam tashishi mumkin bo‘lgan bitta avtobus o‘rnini egallaydi».

«Faraz qilaylik, tig‘iz vaqtda 1200 ta yengil mashinada 2000 kishi harakatlanmoqda. 2000 kishini bitta avtobus sig‘imiga mos yo‘lovchi soniga — 80 ga bo‘lamiz. Natijada — atigi 25 ta katta sig‘imli avtobusga ega bo‘lamiz. Yoki undan ham kamroq tramvaylar, agar ikki yoki uchta vagonli bitta harakatlanuvchi tarkib bo‘lsa, sig‘imini oshirish ham mumkin… Aholini erkin tarzda jamoat transportida tashishga imkon bersak, qancha odamlarning vaqtini va pulini tejagan bo‘lamiz?» — deya ta’kidladi Sabina Bakayeva.

«Shahar [ma’muriyati] avtobuslar sotib olish yoki jamoat transporti foydalanuvchilariga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadlarida pul sarflashga kelganda ziqnalik qiladi, lekin o‘z aholisi uchun sharoitlarni yomonlashtirish borasida sizu bizning pullarimizni ayamay sarflaydi. Yo‘llar qurilyapti, ko‘priklar qurilyapti, hayot esa yaxshilanmayapti, liniyalar ko‘proq odamlarni tashishga xizmat qilmayapti», — dedi u.

«Shahar [ma’muriyati] qulaylikni oshirish uchun jamoat transporti tizimidan olinadigan daromadlar o‘sishini kutayotgan bir paytda, jamoat transporti yo‘lovchilarini yo‘qotmoqda. Uzoq kutishlar, reja tufayli poygalar, salondagi badbo‘y hid, 18 soat davomida ishlayotgan va yo‘lovchilar xavfsizligini xavf ostiga qo‘yadigan toliqqan haydovchilar — avtobusdan foydalanishdagi bu kabi kamsitishlarni kim ham xohlardi? Odamlar taksi yoki shaxsiy avtomobilni tanlashmoqda. Demak, ma’muriyat 400 ta avtobus o‘rnini egallaydigan 1200 ta avtomobilni emas, 25 ta avtobus yoki 15 ta tramvaydagi 2000 kishining vaqtini birinchi o‘ringa qo‘ymas ekan, jamoat transporti sifatini yaxshilash uchun yetarli mablag‘ga hech qachon ega bo‘lolmaydi», — deya xulosa qildi jurnalist.

«Bir narsani tushunmadim, — aniqlashtirdi hokimning birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov. — Birinchidan, liniyalar bo‘ylab odamlar emas, mashinalar harakatlanadi… Siz hozir, 1200 ta mashina boshqa joydan harakatlanishi, ularning o‘rnida esa — avtobuslar harakatlanishi kerak, demoqchimisiz?»

Jurnalistning avtomobillar ham, jamoat transporti ham odamlarni tashishga mo‘ljallanganligi va asosiy urg‘u avtomobillar soniga emas, tashilgan yo‘lovchilar soniga qaratilishi kerakligini tushuntirish maqsadidagi urinishlariga javoban Baxtiyor Rahmonov qayd etdi: «Transport harakati oqimining o‘lchov birligini odam soniga ko‘ra o‘lchash — bu noto‘g‘ri».


Baxtiyor Rahmonov.

U loyiha yuzasidan bildirilgan e’tirozlarga javob berar ekan, Alisher Navoiy ko‘chasining o‘lchamlari o‘zgarmasligiga ishontirdi. Bundan tashqari, prezident topshirig‘iga binoan, barcha ko‘chalarda, shu jumladan, mazkur ko‘chada ham harakat tezligini 70 km/soatdan 60 km/soatgacha kamaytirish rejalashtirilmoqda. Hokimlik tomonidan taqdim etilgan videorolik «boshlang‘ich» [versiya] bo‘lgan. Shuningdek, «o‘lchamlari» hisobiga, bu ko‘chaga tramvayni qaytarish rejalashtirilmagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, piyodalar uchun sharoitlar yomonlashmaydi, ularning soni esa «hech qanaqasiga kamaymaydi», faqat ko‘payadi. «Yillar davomida shakllangan» trotuarlarning o‘lchamlari ham o‘zgarmaydi — «hech kim ularni toraytirmoqchi yoki kengaytirmoqchi emas». O‘tish joylarida piyodalar uchun xavfsizlik orollari bo‘ladi, deya ishontirdi hokimning birinchi o‘rinbosari, garchi ular videorolikka ko‘ra hamma joyda ham ko‘zga tashlanmagan bo‘lsa-da.

Baxtiyor Rahmonovning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaning ATAC Mühendislik kompaniyasi hamda pudratchi Grand Road Tashkent mazkur tajriba loyihasini «kelgusida hokimlikdan buyurtma olish maqsadida» o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirmoqda. Shahar ma’muriyati loyiha ishlab chiquvchilariga shart qo‘ygan: jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklarni tashkil etish, piyodalar uchun qulaylik yaratish, shu bilan bir paytda tirbandlikni bartaraf etish.

Uning ma’lum qilishicha, Sebzor chorrahasida yaqinda amalga oshirilgan rekonstruksiyadan so‘ng «transport o‘kazuvchanligi yoki sizning nazariyangiz bo‘yicha gapiradigan bo‘lsak, odamlar oqimi» 30 foizga oshgan. Hokimlik yangi loyiha orqali kam xarajat bilan yo‘lning «Sabina aytganidek, odamlar uchun ham, ular [mashinalar — tahr.] uchun ham o‘tkazuvchanlik imkoniyatini oshirishni» rejalashtirmoqda.


«To‘g‘ri, birinchi videorolikni [jamoat transporti uchun] yo‘lak ajratilmagan holda taqdim etganimiz uchun o‘zimiz aybdormiz», — deya tan oldi hokimning birinchi o‘rinbosari. «Biz xalqaro tajribaga tayangan holda, bu yo‘llarni ko‘rinishini yaxshilash, yanada mukammalroq obodonlashtirish maqsadida rekonstruksiya qilmoqchimiz, toki avtomobilda harakatlanayotgan yo‘lovchilar ham, piyodalar yo‘laklari bo‘ylab borayotgan piyodalar ham mamnun bo‘lsin».

«Menimcha, siz ham shu maqsadni ko‘zlayapsiz, biz ham xuddi shu maqsad sari intilyapmiz. Bundan kelib chiqadiki, bir tarafdamiz. Biz hokimlikka, faqat xalqqa yomonlik qilish uchun kelgan qandaydir o‘zga sayyoraliklar emasdirmiz», — deya jahl qildi Baxtiyor Rahmonov.

Farg‘ona yo‘li ko‘chasi rekonstruksiyasi masalasiga to‘xtalar ekan, u ilgari Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridan kelgan haydovchilar ushbu ko‘chani 27 daqiqada bosib o‘tgan bo‘lsa, endilikda bor-yo‘g‘i 8 daqiqa vaqt sarflayotganini ta’kidladi. Bundan tashqari, «baxtsiz hodisalar va o‘lim bilan yakunlanadigan yo‘l-transport hodisalari bir necha barobar kamaygan».

Farg‘ona yo‘li uchun ajratilgan yo‘laklar ishlamayotgani to‘g‘risidagi e’tirozlarga javoban u shunday dedi: «To‘g‘ri. Buning uchun avtobuslar talab qilinadi va hokazo». U Toshkent shahar transport boshqarmasi va «Toshshahartransxizmat» rahbari Anvar Jo‘rayevdan yangi avtobuslar va elektrobuslar xarid qilish rejalari xususida ma’lumot berishni so‘radi.

Joriy yilda prezident qaroriga muvofiq 410 ta avtobus (2022−2025 yillarda — jami 1000 dan ortiq avtobuslar) xarid qilinishi rejalashtirilgan. Yaqinda xarid qilingan 20 ta elektrobuslar ham shular jumlasidan. Jamoat transporti uchun chekka hududlarni markaz bilan bog‘laydigan, ajratilgan yo‘laklar bo‘ylab harakatlanuvchi, jumladan, Alisher Navoiy va Farg‘ona yo‘li ko‘chalaridan o‘tuvchi 11 ta asosiy yo‘nalish tashkil etiladi. Shuningdek, 2023 yilda asosiy yo‘nalishlar uchun 50 dona 18 metrli artikulyar elektrobuslar xarid qilish rejalashtirilgan.

2025 yilgacha bo‘lgan muddatda avtobuslarning butun harakat tarkibi yangilanadi, yo‘nalishlarda baland maydonli noqulay Isuzu midibuslari qolmaydi. «2025 yilda prezident topshirig‘iga muvofiq, harakat tarkibini tizimli yangilash bo‘yicha yangi dastur ishlab chiqamiz. Harakat tarkibi bilan hech qanday muammo bo‘lmaydi», — deya qayd etdi Anvar Jo‘rayev.

Farg‘ona yo‘lida avtomashinalar qoldirib ketilayotgan ajratilgan yo‘lak qoidabuzarliklarni foto va video qayd etish vositalarini o‘rnatish orqali «ishlashi ta’minlanadi», deya qo‘shimcha qildi u.


Kun.uz jurnalistlari Ilyos Safarov, Bobur Akmalov va Madina Ochilova.

Kun.uz jurnalisti Bobur Akmalov suhbat mavzusini shaharning odamlar uchun qulayligi va poytaxtning asosiy ko‘chalaridan birini katta trassaga aylantirishga yo‘l qo‘yilmasligi masalasiga qaytarishga urindi. Uning ta’kidlashicha, ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda (va bu borada asosiy misol BAA bo‘lmasligi lozim) shaharlarning markaziy qismlari avtomobil haydovchilari uchun imkon qadar noqulay tarzda rejalashtirilgan. Masalan, Istanbul shahrining markazi ham asosan piyoda harakatlanish uchun mo‘ljallangan.

«Zamonaviy shahar avtomobillar uchun noqulay va aholi uchun qulay bo‘lishi zarur, toki ular avtomobil sotib olishga intilmasin, jamoat transportini, sog‘lom turmush tarzini tanlasin, velosipedda harakatlansin, — deya ta’kidladi jurnalist. — Avtomobil haydash yoshiga yetib, haydovchi bo‘lganimdan keyin men avtomobildan voz kechish kerak, degan xulosaga keldim. Imkon qadar mashinani tashlab, piyoda harakatlanishga urinaman… Va bu kabi insonlar tobora ko‘payib bormoqda».

«Lekin bizda, nazarimda, jahondan andoza olishning o‘rniga teskarisini qilayotgandekmiz. Alisher Navoiy ko‘chasi haqida gap ketsa, u yerda tirbandlik baribir bo‘ladi — butun dunyoda bo‘lgani kabi. Qanday chora-tadbirlar qo‘llashingizdan qat’i nazar. Tirbandlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun mashinalar sonini kamaytirishimiz kerak, buning uchun esa hozirdanoq shaharni mashinalar uchun imkon qadar noqulay holatga keltirish choralarini ko‘rishimiz kerak, ayniqsa, shahar markazini… Hozir shahar markazida odamlar kamayib bormoqda, mashinalar esa — ko‘payyapti. Menimcha, Sabina aynan shuni aytmoqchi edi», — dedi Bobur Akmalov.

Baxtiyor Rahmonov piyodalar uchun qulaylik yaratish birinchi galdagi vazifa hisoblanishini ta’kidladi. Uning ma’lum qilishicha, birgina 2021 yilning o‘zida shaharda, jumladan, mahallalarda 200 kilometrga yaqin velosiped yo‘laklari qurildi. Prezident tomonidan ajratilgan mablag‘ evaziga sport va o‘yin maydonchalari, betondan ishlangan trotuarlar, strit-vorkautlar, «sog‘lomlashtirish yo‘laklari» qurilmoqda. «Hozir hamma o‘z salomatligiga e’tibor qaratmoqda, bu ham prezident tashabbusi», — deya qayd etdi u.

Hokimning birinchi o‘rinbosari hokimlik tomonidan tajriba loyihasi doirasida Navoiy ko‘chasidagi bitta chorrahani Grand Road Tashkent va Turkiyaning ATAC loyihalashtiruvchi kompaniyasi o‘z homiylik mablag‘lari hisobidan rekonstruksiya qilishi va bu ishni «namuna» sifatida ko‘rsatishi rejalashtirilganini ta’kidladi. Shundan so‘ng, aholidan kelib tushgan takliflarni inobatga olgan holda, 140 ta chorrahaning harakat o‘tkazuvchanligini oshirish ishlarini davom ettirish ko‘zda tutilgan — bunisi esa to‘lov asosida. Uning so‘zlariga ko‘ra, hokimlikning taklifiga faqat shu turk kompaniyasi javob qaytargan. Grand Road Tashkent, shuningdek, Farg‘ona yo‘lini rekonstruksiya qilish loyihasini ham amalga oshirgan.

Baxtiyor Rahmonov Navoiy ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘yicha yangilangan loyiha bilan tanishishni so‘radi. Azamat Atajanov ko‘rsatilgan loyihada hali ham bitta piyodalar o‘tish joyini olib tashlash rejalashtirilganligini qayd etdi. Qolaversa, qolgan o‘tish joylarining bir qismida svetoforning mavjud emasligi piyodalar uchun xavf tug‘diradi.


Hokimning birinchi o‘rinbosari bunga javoban loyiha hali tasdiqlanmagani va qayta ishlanishini ma’lum qildi. ATAC vakili loyiha belgilangan shartlar va talablar asosida ishlab chiqilganligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya Turkiyada 20 yillik tajribaga ega. Loyihani ishlab chiqishda odamlarga qulaylik yaratish maqsad qilingan.

Transport vazirligining Transport va logistika rivojlanishi muammolarini o‘rganish markazi direktori Murod Obidovning qayd etishicha, loyiha Vissum dasturida ishlab chiqilgan bo‘lib, dastur qurilish ishlarini boshlashdan oldin ko‘chaga bo‘ladigan yuklanishni prognozlash, transport oqimlarini tahlil qilish va ma’lumotlarni vizuallashtirish imkonini beradi.


Murod Obidov.

Transport vazirligi vakili dastlab taqdim etilgan loyihada avtobuslarning ustuvorligi hisobga olinmaganini tan oldi. U odamlar shaxsiy avtomobilda harakatlanishdan voz kechishlari uchun jamoat transporti faoliyatini yaxshilash lozimligi to‘g‘risidagi mulohazalarni ma’qulladi.

Murod Obidovning aniqlik kiritishicha, bitta chorraha ustida ishlash uchun jami 15 ta chorraha joylashgan butun boshli yo‘lni loyihalashtirish zarur. Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari loyihani ishlab chiqishda hududdagi ikki mahallada istiqomat qiluvchi aholining fikri inobatga olinishini ta’kidladi.

Nega hokimlik aksariyat hollarda shaharsozlik rejalari haqida oldindan xabar bermasdan, pudratchi va loyihachilar nomini oshkor etmasdan birdaniga ish boshlayapti, degan savolga Baxtiyor Rahmonov aholi bilan loyihalar muhokamasi bir necha oylarga cho‘zilishi mumkinligini qayd etdi. Shuningdek, u jurnalistlarga o‘z loyihalarini taqdim etishlarini taklif qildi. Bir kun avval Toshkent hokimi ham aynan shunday taklif bilan chiqqan edi.

«Agar sizda tajriba va misollar bo‘lsa, keling, bitta transport yo‘lini birgalikda ishlab chiqaylik. Bularning barchasini har doim bir kishi bajaradi, deyotgan ekansiz, loyiha institutini siz taqdim etasiz, boshqa tajriba, keling, bir chorrahani birga ishlab chiqaylik. Agar o‘sha loyiha o‘xshasa, biz shu yo‘ldan boramiz. Taklif beringlar», — dedi u.


Aziza Qurbonova.

«O‘zbekiston 24» telekanali jurnalisti Aziza Qurbonova, kutilayotgan xatar va takliflar shundog‘am «Gazeta.uz» maqolasida sanab o‘tilganligini ta’kidladi. Qolaversa, jamoatchilik ham bir necha bor o‘z takliflarini ilgari surgan.

Uning ta’kidlashicha, vazirliklar, hokimliklar va boshqa organlar rahbarlarining aksariyat matbuot anjumanlari aksariyat hollarda bir xil yakunlanadi: ular jurnalistlarga qanday ishlash kerakligini o‘rgatishadi, o‘zlari esa mavzudan chetlashishadi. U rahbarlarni jurnalistlarga dushman sifatida qarash va ularning savollaridan yashirin ma’no izlashga chek qo‘yishga chaqirdi.

Baxtiyor Rahmonov Farg‘ona yo‘li ko‘chasi bo‘ylab birgalikda yurib o‘tib, piyodalar harakatiga halaqit qilayotgan muammolarni bartaraf etishni taklif qildi. Bu taklif jurnalistlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Hokimning birinchi o‘rinbosari buning aniq sanasi yaqin kunlarda belgilanishini aytdi. Biroq unda qatnashish istagida bo‘lgan jurnalistlar ro‘yxati tuzilmadi.

Tadbir so‘nggida yig‘ilganlar safiga shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev qo‘shildi va ko‘chalarni rekonstruksiya qilish yoki jamoat transporti mavzusida emas, balki avval o‘zi ishlagan korxonalarning hokimlikka ko‘rsatayotgan homiyliklari xususida gapirib o‘tdi.

Ayni paytda Navoiy va Labzak ko‘chalari chorrahasida chorrahani to‘liq qayta qurish ishlari olib borilmoqda: o‘ngga to‘siqsiz burilish uchun uchburchaklar va shahar markaziga yo‘nalishda yo‘laklar orasida ajratuvchi bo‘laklar. Hokimlik hali ham yakuniy loyihani taqdim etmadi.