«Sputnik» mavzesidagi eskirgan 2 qavatli 409 ta yog‘och uy buziladi. Bu haqda Yangihayot tumanida faollar bilan uchrashuvda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Gap «Sputnik» mavzesida 1966 yilgi zilziladan so‘ng, vaqtincha foydalanish uchun tez fursatlarda qurilgan ikki qavatli yog‘och uylar haqida bormoqda.

Prezidentning aytishicha, bu uylarning egalarini zamonaviy ko‘p qavatli turar-joylarga ko‘chirish dasturi boshlanadi.

Xususan, kelgusi besh yilda «Yangi Darxon» mahallasidagi 14 gektar hududda yangi ko‘p kvartirali uylar qurilishi rejalashtirilgan.

«Avariyaviy holatda bu uylar. O‘rniga yangi va sifatli uy qurilsa, to‘g‘ri tushuntirilsa, odamlar o‘zi istaydi ko‘chishni. Agar birorta odam bu ota-bobomdan qolgan uyim, bu uy men uchun muzey, ko‘chmayman, desa ko‘chirmaymiz», — degan Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrining Yangihayot tumanida joylashgan 409 ta avariya holatidagi uylar buzib tashlanishi haqida o‘tgan yili 25 fevral kuni tuman hokimi Hayot Inog‘omov ham gapirgan edi.

Hokim o‘shanda «tuman markazida 149 gektar hududda xavfsizlik talablariga javob bermaydigan ikki qavatli yog‘och uylar mavjud"ligini aytib, mazkur uylarda istiqomat qiluvchi aholini barcha kommunikatsiya va sharoiti bor yangi uylarga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha turkiyalik mutaxassislar bilan birgalikda loyiha ishlab chiqilayotganini qo‘shimcha qilgandi.