2021 yilda O‘zbekistonda 10001 ta yo‘l-transport hodisasi (2020 yilda — 6982 ta) qayd etilgan bo‘lib, ularda 2426 kishi (1962) vafot etgan, 9230 kishi (6591) jarohatlangan. IIV matbuot xizmati yil davomida sodir etilgan YTHlar bo‘yicha tahlil natijalarini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, hududlar kesimida eng ko‘p avariyalar Farg‘ona (1469), Toshkent (1336), Samarqand (1129), Namangan (1082) viloyatlari va poytaxtda (1073) sodir etilgan. Eng past ko‘rsatkich esa Surxondaryo (376), Jizzax (321) va Sirdaryo (202) viloyatlarida qayd etilgan.


Eng ko‘p — 2010 ta yoki 20,1 foiz YTHlar belgilangan tezlikka rioya qilmaslik va 2009 ta yoki 20,1 foiz avariyalar harakatni tashkil etishdagi muammolar sababli kelib chiqqan. Undan keyingi o‘rinda piyodalar o‘tish joyi belgilanmagan joydan kesib o‘tish (1380 ta yoki 13,8 foiz YTH), piyodalar o‘tish joyidag o‘tayotgan piyodani urib yuborish (1150 ta yoki 11,5 foiz) qayd etilgan.

Shuningdek, haydovchining tajribasizligi (912ta/9,1%), qarama-qarshi yo‘nalishga chiqish (792/7,9%), veloyo‘lak bo‘lmagan joyda (610/6,1%), bolalarni qarovsiz qoldirish (501/5%), svetofor yoki yo‘l belgisiga rioya qilmaslik (402/4%), avtomobilni mast holda boshqarish (135/1,4%) va harakat davomida telefondan foydalanish (100/1%) avariyalar kelib chiqish sabablari sifatida ko‘rsatilgan.

Yo‘l-transport hodisalarining 2008 tasi (20%) 25 yoshgacha, 2057 tasi (20,6%) 30 yoshgacha, 1823 tasi (18,2%) 35 yoshgacha va 1359 tasi (13,6%) 40 yoshgacha bo‘lganlar tomonidan sodir etilgan. Bundan tashqari, 4698 ta avariya piyodalar, 1621 tasi bolalar, 1075 tasi velosipedchilar ishtirokida ro‘y bergan. YTH sodir etgan haydovchilarning 9733 nafari erkaklardir (ayollar — 268 nafar).

Eslatib o‘tamiz, 11 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ilk bor yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash masalasida videoselektor yig‘ilishini o‘tkazgan edi. Yig‘ilishda davlat rahbari YTHlar eng ko‘p sodir bo‘layotgan tuman va shahar hokimlari, ichki ishlar boshliqlari va prokurorlari ishdan olinib, uch oy sinov muddati berilganini ma’lum qildi.

Shuningdek, prezident yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etilishi, unga bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qilishini ma’lum qildi. Hududiy komissiyalarga esa hokimlar rahbar etib tayinlanishi hamda komissiyalar yo‘llar holati va mavjud infratuzilma hamda avariya o‘choqlarini o‘rganishi aytildi.