DXX Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilgan qurilish ishlari davomida 30 mlrd so‘mdan ko‘proq mablag‘ talon-toroj qilinganini aniqladi.

Ta’kidlanishicha, prezidentning [PQ-3507-son] qarori bilan 2018−2021 yillarda Nukus davlat pedagogika institutining o‘quv binolarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish uchun 54,3 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

2018 yilda o‘tkazilgan tenderda «Jayhun Universal Qurilish» MCHJ g‘olib bo‘lib, u tomonidan 2021 yilning sentabr oyiga qadar barcha ishlar amalga oshirilishi kerak bo‘lgan.

Ammo, zarur mablag‘lar davlat budjetidan ajratilganiga qaramasdan, rejalashtirilgan ishlar belgilangan muddatda yakuniga yetmagan.

«Pudratchi „Jayhun Universal Qurilish“ MCHJ va buyurtmachi hisoblangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining „Yagona buyurtmachi xizmati“ injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslari o‘zaro til biriktirgan holda, tegishli hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan 12,7 mlrd so‘m miqdordagi pul mablag‘larini talon-taroj qilishgan», — deyiladi DXX xabarida.

Aniqlangan holat yuzasidan «Jayhun Universal Qurilish» MCHJ hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa holatda esa buyurtmachi «Qishloq qurilish invest» MCHJ injiniring kompaniyasi Qoraqalpog‘iston filiali va 7 ta pudratchi tashkilotlar mansabdor shaxslari 2020 yilda Qoraqalpog‘istonda ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun ajratilgan budjet mablag‘ining 17,5 mlrd so‘mini talon-taroj qilganliklari aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan ham qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Qishloq qurilish invest» MCHJ IK bilan bog‘liq birinchi holat emas. 2020 yilda «Qishloq qurilish invest» MCHJ IK Sirdaryo viloyati filiali va «S.S.» MCHJ mansabdorlari bajarilmagan 949 mln so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini qo‘shib yozish orqali budjet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi aytilgandi.